Inson tabiatida dunyo sir-sinoatlarini anglashga, o‘zligini topishga intilish bo‘ladi. Bu tabiiy xislat katta-katta kashfiyotlarga turtki ham bo‘ladi. Ammo ayrimlar yangilik qidirib, sirli, sehrli, hatto ilohiy masalalar borasida izlanib ko‘radi. Ortiqcha manmanlikka berilib shakkoklikka qadar borib qolganini bilmay ham qoladi.
Yaqinda bir tasodif bilan qo‘limizga tushgan “Fazoviy Fan yoki Samoviy Kitob” deb nomlanuvchi bir “asar”ni varaqlar ekanman, hayratda qoldim va ko‘nglimdan shu mulohazalar o‘tdi. Muqovasiga “Chek — 1997” deb bitilgan. Ammo so‘nggi betiga muallif “Yanvar 2000-yil” deb imzo chekibdi. Baayni “Bir yolg‘ondan qirq yolg‘on” ertagidagidek: bu “asar” yo yozilmasdan avval bosilib chiqqan, yoki… nashr etilganidan so‘ng yozilgan. U qayerda, qancha nusxada chop etilgan, muharriri kim, nashriyoti qaysi — bilib bo‘lmaydi. Titul varag‘i ham, mundarijasi ham yo‘q.
36 betlik bu kitob “Asliy inson — abadiy”, “Fazo va insonlar”, “Sun’iyatlar siri”, “Kitob-ul kitob”, “Bisaxela — ilohiy til yoki koinot tili”, “Yasin so‘zi va bir oyat tahlili” va “Olti osmon oralab…” degan yettita vahimali fasldan iborat.
“Hozirgi zamon tushunchasi bilan aytganda “Kitob-ul kitob”ni yozib boruvchi va ilohiy til bo‘lmish — “Koinot tili”ni insonlarga yetkazuvchi MEN — Ismim ISMOILJON, Familiyam ERGASHEV, Mulla Ergash Oxunning o‘g‘liman, — deb yozadi kitob muallifi. — …ToshDUning filologiya fakultetini tamomlab, maktablarda 40 yilga yaqin o‘zbek tili va adabiyotidan dars berib, oliy toifali o‘qituvchi sifatida nafaqaga o‘tganman. Bu kitobning yozila boshlaganiga ham bir necha yillar bo‘ldi”.
Garchi I.Ergashev kitob muqaddimasida “Bu ish payg‘ambarlik ham, avliyolik ham emas… men sizlar singari oddiy bir insonman. Bu oddiy samoviy bog‘lanish. Men samoviy shartlarga javob bera olganim uchun tanlanganman, xolos” (3-bet) desa-da, tagmatnda aynan payg‘ambarlik da’vosi ayon ko‘rinib turadi. Epchil bir qo‘l rasululloh hayotidan olingan ba’zi lavhalarni bilintirmasdan ko‘chirib oladi, biroz o‘zgartiradi va… I.Ergashevga yopishtiradi. Chunonchi, kitobning “Olti osmon oralab…” degan oxirgi fasli me’rojnomaning o‘zi: farqi — bu yangi chiqqan “payg‘ambar”ni Jabroil emas, qandaydir “819642 raqamli ilohiy xodim” falakka olib chiqqan emish. Fantastik film lavhalariga o‘xshash bu sayohatda “ko‘kka parvoz aylagan” muallif o‘zini til-adabiyot o‘qituvchisi emas, kolxoz tabelchisiday tutadi: “Bu olam haqida meni yetaklovchim shunday axborot berdi: “Bu 3-osmondagi 62341-olam hisoblanadi. Bu sayyorada 6472 turdagi mavjudot bor. Shundan 511 turi jismli tana va qolipli tanaga ega. Insonga o‘xshashroqlari 641 tur. Bu olamda 9781682 tur maxluqot va 381584 xildagi o‘simliklar bor”.
Odamning hushyorligini qarang — osmonga qog‘oz-qalam olib chiqib, yozib yuribdi! Hamma joyda raqam ustiga raqam: “3-osmonda esa jihozlangan 21000 olam bor. Jihozlanayotgan 39000 olam bor. Parchalangan 54000 olam bor. Sovutilayotgan 91000 olam bor. Zahiraga esa 911429ta olam qo‘yilgan. Muvazzanatlarni saqlash uchun 121.617.213941.827.613 olamchalar bor” (11-bet). Bunaqa “ma’lumot”lar 36 betli kitobchada kamida ikki yuzta.
Chamasi, muallif bir qadar nosog‘lom ruhiy holatda bo‘lgan ko‘rinadi: “7-osmondagi oliy ong egalarining sinovlaridan o‘tishdan so‘ng, — deb yozadi u, — menga “Ulumil illaha va fins ansum valiyatul hatiban shaha” unvoni berildi. Bu esa o‘zbek tilida “Fanlarni o‘rgatuvchi ustozlarning ustozi — podshohi” demakdir. Shu sababli meni ismimga shoh unvoni qo‘shish tavsiya etildi” (18-bet).
Bu ham botinan payg‘ambarlikka da’vo. Zero jami olimlarning ustozi Muhammad alayhissalomdir, I.Ergashev kabi shaxslar emas. Rasulullohning, “Olimlar mening merosxo‘rlarimdir” deb aytgani — buning shahodati. Boshqa dalil-isbotga hojat yo‘q. Ammo I.Ergashevning gapi esa, shirkning o‘zginasi, xolos.
Kitobda I.Ergashev yangi bir “til” o‘ylab topadi. Uni “bisaxela” deb nomlaydi va… “ilohiy, koinot tili” deb e’lon qiladi. Go‘yo, Olloh taolo va jami “koinot xodimlari” shu tilda so‘zlar emish. Aslida, bu qo‘lbola “til” — ayrim arabcha so‘zlarga forsiy izofalar qo‘shish, qolmishiga og‘izga kelgan narsani valdirashdan boshqa narsa emas. “Shunday qilib, — deb yozadi I.Ergashev kitobining 22-betida, — BISAXELA — ILOHIY TILning insonlarga berilgan kuni 27 may 1997 yil kuni bo‘lib qoldi. Bu shonli sana-abadiy qutlug‘ kundir”.
“Bu til Alloh taolo dastlab birinchi yaratgan mavjudoti mustaqil qadam qo‘yib yura boshlaganda “Zeh” (“bir” yoki “yaxshi”) deb aytgan so‘zi Koinotning “Zeh” yiliga asos bo‘lib, ana shu kalom aytilgan lahzadan boshlab koinotning vaqt hisobi — “zeh” yili boshlangan, — deb izohlaydi I.Ergashevning shogirdi Abdulhay Abdurahmonov. — Alloh taolo O‘zining birinchi mavjudoti bilan ovoz chiqarib gapira boshlagan bu til ilohiy bo‘lib, u keyinchalik Koinotning umumiy tiliga aylandi va yaratilgan barcha mavjudotlarga berildi. Ular tovush, tushuncha, belgi, fikriy uzatishlar yo‘li bilan va fikriy dalillarga asoslangan dil tillari bilan ham gaplashadilar… Koinot tilini o‘rgangan inson o‘zining yashab turgan olamida turib, boshqa olamdagi biror o‘ziga tanish yoki notanish mavjudotlar bilan ham muloqotga kirishib gaplashishi mumkin”.
Xo‘sh, shunday bo‘lsa, “hamma va har qanday maxluq tushunadigan Koinot tili”da bitilgan bir parchani o‘qib ko‘raylik-chi:
“Sela radu hela badu hemina mina,
Aylu haylu haymurana hehina hina…”
Xo‘sh, shu matndan biron nima tushunish mumkinmi?
Eng achinarlisi shundaki, I.Ergashev Qur’onni, jumladan, uning qalbi deb atalgan “Yosin” surasini obro‘sizlantirishga ham harakat qiladi. “Hozirda o‘zlarini islom dinida, kitobni “Qur’on” deb atovchi insonlar bilishlari zarurki, — deb yozadi u, — bu kitob ham qisqartirilgan aralashmalar o‘sha zamon insonlari tushunchasiga moslashtirilgan” (22-bet). Jumla saviyasini ko‘rib turibsiz.
“Qur’on deb ataluvchi bu kitobning “Arshi-ul kurs”dagi asl holati she’riy yo‘lda bitilgan 1500000 qatordan iborat bo‘lgan asardir, — deb davom etadi payg‘ambarlik da’vo qilayotgan muallif. — Qur’onning o‘zagi sanalmish “YASIN” (Yosin) bizga berilgan kitobda 83 oyatdan iboratdir… Bu surada 83 oyat bo‘lib, uning asli shunday emas, balki 15216 qatorli she’riy asar ekanligi ayon bo‘ldi va to‘liq tarzda menga yozdirildi” (28-bet). Ko‘rinib turibdiki, bu odam Qur’on — haqiqiy kalomulloh emas, “Yosin” esa “haqiqiy Yosin”ning arzimas bir qismi, deb da’vo qilmoqda.
Mana u da’vo qilayotgan “asl Yosin”dan bir parcha:
Vama allamnaxush shi’ra vama yambag‘ilah,
Tama vallam baxush tira hama hambag‘ilah.
In huva illa zikriv va Qur’onim mubiyn,
Tahvira ta amili helmiha xur’onim bubiyn.
Mehlarhu aduzari allamnaxush shi’ra,
Yambag‘ilim vama axu lambanush xi’ra… (28-bet).
Biz murojaat qilgan arabshunos olimlar ushbu parchadagi 1- va 3-satr “Yosin” surasining 69-70-oyati, boshqa misralar esa arab tiliga yot qandaydir valdirash, deb aytishdi. Bunday valdirashlar kitobda to‘lib-toshib yotibdi.
Ajab, Ismoilshoh Fazoviy bilan aloqaga kirishgan “fazoviy xodimlar” nima uchundir biron-bir ibratli, oqilona ma’lumot berishmaydi. Unga “aytib turib yozdirilgan”, raqam to‘la “statistika”lar ichida odamning hayot yo‘lida ibrat bo‘ladigan, loaqal yodda qoladigan biron-bir kerakli gap yo‘q. Bori — safsata, alahlash. Butun dunyo olimlariga ustozlik da’vosidagi sho‘rlikning “yozib olgani” faqat mana bunday “ma’lumot”lar bo‘pti: “Inson tanasini sug‘orish yoki qon aylantirish uchun 4414 xil modda aralashtirilgan 141000 kichik va katta tomir turlari ishlatilgan. Inson qoni tarkibida 437 xil moddadan olingan 918.622.418.827 toladan iborat bo‘lgan bog‘lovchi vositalardir. Jigarda 613427 markazdan iborat tozalovchi nuqta va 718.513.411.613 mayda markazchalar xizmat qiladi. Havoni tozalovchi o‘pkada (?) esa 483511 havo tozalovchi filtr va 619.824.511.414 havo o‘tkazgich bor” (5-b). Va hokazo.
Xo‘p, bu “samoviy ma’lumotlarni” biz anglab yetmagan bo‘lib chiqaylik. Ammo marhumlarning taqdiri haqidagi mana bu “ma’lumot”ga nima deysiz: “Bugungi kunlargacha 99 milliard insondan 19 milliardi foniylik hayotiy almashinuvlarni o‘tab bo‘lgan. Ulardan sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan 11,5 milliardi 2-olamga olingan, sinovlardan o‘tolmagan 5 milliardi hayvonot olamiga o‘tkazilgan, hayvoniylikdagi sinovlardan ham o‘tolmagan 2,5 milliardi esa kuydirib yo‘q qilib yuborilgan. Endi, 2-olamga olingan 11,5 milliard insondan oxirgi olamgacha qanchasi sinovlardan o‘tib yetib bora oladi, dargumon”. (I.Ergashev. “Hayot sirlari”, (161-b.).
I.Fazoviyning maqsad-muddaosi va saviya-darajasini bir qadar anglagandirsiz. Lekin u o‘z bitiklari haqida butunlay boshqacha fikrda bo‘lgan: “Agar Nuhning kemasi insonlarni to‘fon balosidan saqlab qolgan bo‘lsa, — deb yozadi u, — “Kitob-ul kitob” insonlarni jaholat balosi va u tufayli mahv bo‘lish halokatidan saqlab qoladi…” (8-bet.).
…Darig‘ki, Fazoviyning bu “bashorat”lariga ishonib, ularni qay bir maqsadlar yo‘lida targ‘ib etib, odamlar orasida muqaddas dinimizning arkon-aqidalariga putur yetkazishga urinayotgan “yangi valiylar” ham chiqdi…
Yaqinda Ismoilshoh Fazoviy asarlari ruhidagi “Ruh sirlari” degan yostiqday bir kitob chop etildi. Uning muallifi — pensiyadagi iqtisodchi Abdulhay Abdurahmonov. Falsafa fanlari doktori, professor Anvar Abdusamedov unga so‘zboshi bitib, jumladan, “Mazkur kitobning ikkinchi qismi — “Samo xabarlari” va uchinchi qismi “Hayot sirlari” 2001 yilda vafot etib ketgan, yuksak tafakkur va juda boy bilimlar sohibi bo‘lgan (kursiv bizniki — Z.I.) asakalik Ismoilshoh Fazoviy (Ismoil Ergashev) qalamiga mansub bo‘lib, ular asosan Koinotning ongli mavjudotlari xabarlariga tayanib yozilgan” deb yozadi (“Fan”, 2006, 5-bet).
A.Abdurahmonovning bundan avvalgi “Saodatga eltuvchi bilim” asari 2001 yilda nashr etilgan edi. Unda turli dinlar, diniy tushunchalar borasida kitob, gazeta-jurnallardagi gaplar (muchal yili hisobigacha) jamlagan. Bir talay ilmiy va texnikaviy chalkashishlar borligini demasangiz, kitobxonga bir ma’lumotnoma sifatida asqotadi. Ehtimol shu sabab, keyin yana to‘rt bor nashr etilibdi ham. A.Abdurahmonov bu asari haqida kelgan xatlar orasidan yigirmatacha maqtovlisini “Ruh sirlari”ning oxiriga qo‘shibdi. Bir maktub egasi azbaroyi jo‘shib ketib, “Saodatga eltuvchi bilim”… Qur’on va Hadislardan keyingi ulug‘ kitob deb baholabdi! A.Abdurahmonov esa, kiroyi “kamtarligi” tufayli bunga e’tiroz ham qilmaydi.
“Ruh sirlari”ning “Saodatga eltuvchi bilim” kitobidan asosiy farqi — u avvalgiday har xil manbalardan olinib emas, asosan I.Fazoviyning “bashorat”lariga tayanib bitilgan. Buni so‘zboshi muallifi A.Abdusamedov alohida qayd etib: “Ismoilshohning muxlisi va do‘sti Abdulhay Abdurahmonov uning qo‘lyozmalarining kamu-ko‘stini tuzatib, tahrir qilib, nashrga tayyorlagan va ularni o‘zining mazkur “Ruh sirlari” kitobiga kiritib, xalqimizga juda ham foydali va savobli ishni bajargan…” deb yozadi.
“Ruh sirlari” — hajman ulkan asar, ensiklopediya formatida 500 betdan oshadi. To‘rt qismdan iborat, sarlavhalarning o‘zi bir yuz o‘ttiz oltita. Shuncha materialni tahlil etib, saragiyu puchagini aniqlash, ayniqsa, uning bosh mavzui bo‘lmish ezoterika — hamma uchun sirli bo‘lgan mistik qarashlarga tanqidiy munosabat bildirish jo‘n ish emas. Men “Ruh sirlari” kitobini o‘qib chiqdim. Ishonch bilan aytamanki, u xato va zararli g‘oyalar bilan to‘liq: kitobxon “Ruh sirlari”ni mutolaa qilgach, undagi gaplarga ishonsa yo qabul qilsa, imonidan ayriladi, dunyoqarashi parokanda bo‘ladi. Bu aniq. “Ruh sirlari” kitobining ilk fasli qomusiy viqor bilan “Ruh sirlarini bilishga kirishishdan oldin nimalarni bilish kerak” deb nomlangan. Unda muallif bu va u dunyoning yaratilishi haqida ilmiy farazlar, vaqt va mavhum vaqt tushunchasi, Ernst Muldashev degan ko‘z duxturining irqlarning kelib chiqishi haqidagi “kashfiyot”i, insoniyatning ilk beshigi — Tibet deb biluvchilar, “Odamatodan oldin ham Yer yuzida odamlar yashagan edi, ularga oxirat kelgach, ba’zi vakillari chap berib, yashab qolgan bo‘lishlari mumkin”, degan fikr uqtirilib, Shambala degan xayoliy maskan haqida uzuq-yuluq “fakt”lar keltiradi. Bular o‘quvchini keyingi gaplarga “tayyorlash” uchun, albatta.
Ana shundan so‘ng “Ruh va jon haqida ilmiy va diniy qarashlar” degan nisbatan murakkab ikkinchi fasl keladi. U nihoyatda qisqa — o‘n bet. Ammo unda bayon etilgan fikrlar kitobning o‘zak nuktalaridan bo‘lgani uchun (asar “Ruh sirlari” deb ataladi, axir), alohida e’tibor talab qiladi. Avvalo shuki, Qur’onda, kim bo‘lishidan qat’i nazar, ruh haqida so‘zlashdan tiyilish buyurilgan: “(Ey Muhammad alayhissalom), Sizdan ruh-jon haqida so‘raydilar. Ayting: Ruh yolg‘iz Parvardigorim biladigan ishlardandir”. Sizlarga juda oz ilm berilgandir” (“Al-Isro”, 85). Jami lug‘atlarda, shuningdek, Qur’onning mazkur oyatida ham “ruh” va “jon” so‘zlari sinonim ekanini ko‘ramiz, ammo A.Abdurahmonov ularni boshqa-boshqa narsalar, deb talqin etadi; ushbu faslning nomi ham, ichidagi mana bunday “kashfiyot”lar ham shuni tasdiqlaydi: “Odam — tana, jon va ruhning qo‘shilmasidan tarkib topgan… mavjudot” (42-bet). Xo‘p, deb turing. Sal o‘tmay, bu fikr aynanlashtiriladi — “O‘lim kelgach, ruh (jon) tanadan ajraladi” (42). So‘ng uqtirilishicha, jon… endi ruh emas, balki qon emish: “Odam Yer mahsulotlaridan iborat bo‘lgan ozuqalarni iste’mol qilganda, ular tanaga singib, qonga, ya’ni jonga aylanadi” (43). Umuman, bu borada chalkashliklar bisyor. Bir joyda ruh nomoddiy (42) deyilsa, bir sahifa o‘tmayoq, ruhlar… “o‘zlarining aniq o‘lchamlariga ega” (43) deb, moddiylashtiriladi ham.
Bunday mubhamlik va palapartishlik muallifga ustozi I.Fazoviydan o‘tgan — uning “Fazoviy Fan yoki Samoviy Kitob”ida ham bir o‘rinda “ilohiy xodimlarning boshlig‘i ruh deb ataladi” (4), deb talqin qilinsa, keyingi betda bu so‘z boshqa ma’no kasb etadi: “Insonning… ruhi esa maslahatchisidir” (5).
I.Fazoviy bilan A.Abdurahmonovning qarashlarida bir xillik ko‘p. Bu ularning ruhiy yaqinligidan kelib chiqsa ajab emas: Ismoil Ergashev o‘z asarini insoniyat uchun Nuh kemasi kabi najot vositasi deb aytsa, A.Abdurahmonov ham undan qolishmaydi — kitobxonga qarab, “Muhtaram o‘quvchim, hamonki bu kitobni o‘qishni Alloh taolo Sizga nasib etgan ekan, demak bu Alloh taoloning irodasi va o‘zingizga ko‘rsatgan marhamati deb bilavering. Uning bu marhamati — in’omini rad etmang, qabul qiling” (459-b.) deya “iltifot” ko‘rsatadi.
Qiziqki, bu kitobda Qur’onga zid nima gap aytilsa, niyatni “pardalash” uchun g‘alati bir dalil keltiriladi. Emishki, Qur’on va boshqa kitoblar o‘sha davr kishilarining jo‘n saviyasiga mos edi, hozir odamlarning ongi, bilimi yuksaldi, ko‘p narsani biladi, binobarin… “insonning o‘zi haqida hatto xayoliga ham keltirmagan va keltira olmaydigan tushunchalar va yana boshqa ko‘p ma’lumotlarni insonlarga yetkazishga Tangri taolo tomonidan ruxsat bo‘ldi” kabi.
“Ruh sirlari”ning 57 betlik “Reinkarnatsiya” (tanosux) fasli undagi o‘n to‘qqizta faslning hajman eng kattasi. Boz, kitobning “qaymog‘i” shu yerda. Unda odam o‘lgach, jasadi chiriydi, ammo joni nima qiladi, degan masalada so‘z ketadi. Muallif, odam o‘lgach, uning joni boshqa odam tanasiga, undan keyin yana boshqasiga ko‘chadi, deb uqtiradi. “Tana, jasad o‘lib, jon uzilgandan keyin ruh o‘z faoliyatini tana va jonsiz davom ettiradi, — deb yozadi u, — ya’ni vaqti-soati bilan yana boshqa tanaga o‘tib, to belgilangan mukammallikka erishguncha qayta-qayta bu dunyoga kelaveradi” (48).
Islomda tanosux rad qilinadi va qattiq qoralanadi. A.Abdurahmonov bu borada xolis turganday bo‘lib, Imom G‘azzoliyning “Tahofitul falosifa” asaridan iqtibos keltiradi. G‘azzoliy, “biz bu dunyoda tanosux hodisasi bo‘lishini inkor etamiz. Ammo oxiratda ruhlarning o‘z jasadlariga qaytib kirishini tasdiq etamiz. Alloh taolo bir necha tana uchun bitta ruh yaratmaydi. U har bir tana uchun bitta ruh yaratishga qodirdir. Agar tanosuxni mumkin deb tan oladigan bo‘lsak, bir qancha tanalarda yashab kelgan o‘sha ruh qiyomat kuni qaysi tanaga tegishli bo‘ladi?!” deb aytgan ekan (58). A.Abdurahmonov darhol G‘azzoliyga “otpor” beradi: “Hozir bu savolga javob bor, — deb yozadi u, — ya’ni ruh o‘zi yashagan tanalaridan birini tanlab oladi” (?)
Tanosux va uning targ‘ibi islomga zid, xalqimiz dunyoqarashiga yot narsa. Sohibqiron Amir Temur ham uni dinu davlatga zararli deb bilgan, Hakim Nizoriy degan tanosuxchi kimsa izdoshlari bilan makon tutgan Ko‘histonga yetib borib, u va tarafdorlarini ilmiy-nazariy jihatdan mot qilgan, shunda ham buzuq g‘oyalaridan qaytishmagach, mahv etgan (qarang: “Temurnoma”, 1990, 259-266 betlar).
Olamning ilk bor yaratilishi haqida A.Abdurahmonov taqdim etayotgan mana bu “loyiha” bilan tanishib ko‘raylik: “Dastlab U O‘zi uchun birgina olamni yaratdi. So‘ngra bu olamini yanada kengaytirib, bepoyon bo‘shliqqa yoyishni ixtiyor etdi va shu maqsadda undan bir parchani uzib olib, cheksiz bo‘shliq sari ota boshladi… Bo‘shliqda o‘zini to‘xtata olmay harakatlanayotgan bu parchalar Alloh taoloning zavqini keltirdi. Bu olam parchalarining Samodagi sayrini yanada mukammal va go‘zal qilishni o‘yladi va ularning harakatini boshqarishni rejalashtirdi. Alloh O‘z xayolidan O‘zi zavqlanib, O‘zi yaratayotgan olamlarni aylantirishni o‘yladi va shunday qildi ham. Alloh taolo bu ish bilan ko‘p shug‘ullandi va butun olamning yarmidan ko‘prog‘ini cheksiz bo‘shliq sari otib, undan yana ko‘p olamlar paydo qildi. Olamlarning harakatini boshqarish ham uni zavqlantirdi… bu olamlarning sukunatda yolg‘iz bo‘lishi Allohga yoqmadi. U endi biror jonli mavjudot yaratishni xayol qildi. Bir necha shaklda turli narsalar yaratdi. O‘ziga yoqmadi, ularni buzib otdi…” (183-184). Yoki yana: “Shundan so‘ng Tangri subhonahu va taolo uzoq o‘yga toldi, zerikdi. U yana nimalarnidir qilishni o‘yladi”… (213). Astag‘firulloh!
Shunday o‘rinlarni o‘qiganda, kitobni nashrga tavsiya etgan to‘rt muhtaram professor: so‘zboshi muallifi — materializm va ateizmdan fan doktori Anvar Abdusamedov, uning mas’ul muharriri adabiyotshunos Hamidjon Homidiy, taqriz bitishgan tarixchi Fayzulla Ishoqov bilan dorigar Qahhor Hojimatovlar asar qo‘lyozmasini chindan ham o‘qib chiqishganmi-yo‘qmi — so‘raging keladi…
“Ruh sirlari” bus-butun zararli kitob ekanini isbotlash uchun shu yozganlarimiz yetarli, deb o‘ylayman.
A.Abdurahmonov ustozi I.Fazoviyga o‘xshab “asar” oxirida o‘z kitobini maqtab ko‘chirmakashlik qiladi:
“Kim neni izlasa undan, topgusidir begumon,
Hikmat izlaganga hikmatdir bu kitob.”
Biz, muallif da’vo etganidek, hikmat izlab mutolaa qilgan edik. Taassufki, “Ruh sirlari” hikmat emas, illatdan iborat bo‘lib chiqdi.
Zuhriddin ISOMIDDINOV
“O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2007-yil, 9-noyabr
P.S.: Kamina 2002-yili ushbu maqolada tanqid qilingan “Saodatga eltuvchi bilim”, “Ruh sirlari” kitoblari muallifi Abdulhay Abdurahmonov bilan uchrashgan edi. Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar hoji Tursunovning maqtov kirish so’zlari bilan boshlanadigan “Saodatga eltuvchi bilim” asari o’sha paytda menda qiziqish uyg’otib, muallif bilan uchrashishimdan ko’zlangan maqsad ham shu edi. Abdulhay aka uchrashuvimizda an’anaviy Islom fiqhi asarlaridagi ayrim masalalarni tanqid qilgani ham esimda. Unga ko’ra, ushbu kitoblardagi ko’p masalalar eskirgan, hatto odamning ensasini qotiradi.
Qizig’i shundaki, bugun ushbu kishini va uning asarlarini tanqid qilayotgan yuqoridagi “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida 2002-yili ayni shu muallif va uning asarini madh etuvchi taqriz-maqola e’lon qilingan.
Anvar qori aka, bir ma’ruzalarida ushbu kitob haqida to’xtalgandilar. Biz ruxsat bergan qism aslida juda kichik bo’lib “Namozda hushu’” degan kitobcha singari kichkina edi, lekin muallif bizdan so’roqsiz o’sha so’zboshi bilan katta kitob chiqarib yuboribdi, deb aytgandilar.
Bu kitobning maqtovini eshitib, men ham bir paytlar sotib olgandim muallifning o’zidan.