Bundan roppa rosa 18 yil muqaddam, 1992-yil 16-yanvar kuni Toshkentdagi Talabalar shaharchasida qonli to’qnashuv yuz berdi. Asl sabablari hali ham to’la aniqlanmagan ushbu fojeada oliy o’quv yurti ko’plab talabalarining qoni to’lildi. Mayib-majruh bo’lganlar bor. Shu kuni aslida nima bo’lgan edi? Voqeaning boshida turganlar kim? Hodisa O’zbekiston matbuotining demokratiya shabadasida yayragan davrida sodir bo’lgani bois mamlakat markaziy nashrlari uni xolis o’rganib, xalqni fojea sabablaridan ogoh etishga harakat qilishgan. Quyida O’zbekistonning 90-yillar boshidagi zabardars nashri – “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining voqea tahliliga bag’ishlangan maqolasi to’laligicha e’tiboringizga havola etilmoqda.
Bugun qishki imtihonlar payti bozorday gavjum bo’ladigan talabalar shaharchasida sukunat hokim. Fayzsiz bu qish oqshomida sovuq, ko’rimsiz yotoqxonalarda bir-ikki talaba uchraydi, xolos. Bu nima? Navbatdan tashqari ta’tilmi?..
Jumhuriyatimiz iqtisodiy tanglikka yuz tutgan, og’ir qiyinchiliklar evaziga mustaqillikka erishgan va bu mustaqillikni ko’plab mamlakatlar tan olayotgan bir paytda talabalar shaharchasida fojia yuz berdi.
…16-yanvar oqshomi oddiy va osuda edi. Ammo talab-ehtiyojlarini ko’tarib chiqqan qurolsiz yoshlarga qarata o’q uzildi, rezina cho’qmorlar bilan ayovsiz kaltaklandi.
Bo’lib o’tgan voqealarning qisqacha tafsilotlari shunday: tushdan so’ng shaharchadagi do’konda non tugab qolgan. Non uchun kelayotgan talabalar esa tobora ko’payib borgan. Tabiiy, bugun ikkita odam to’plansa, narx-navoning osmonga chiqib ketgani, turmush kechirish qiyinlashib qolgani xususida gap ketadi. Kerak miqdorda kuponlar, oshirilgan nafaqalar bilan ta’minlanmagan, qulay shart-sharoitlar yaratib berilmagan yuzlab talabalarning noni tugab qolgan do’kon oldida to’planishi shundoq ham charsillab turgan vaziyatni keskinlashtirgan. Kimdir yashash sharoitining nihoyatda og’irligidan noligan, kimdir namoyish qilishga chaqirgan, boshqa birov esa so’kingan, kimdir esa shifokorlar shaharchasidagi talabalar namoyish qilishyapti ekan, lekin ularning yo’lini militsiya to’sib qo’yibdi, degan gapni aytgan. Aslida, shifokorlar shaharchasi osuda edi. Qiziq!?.
Yana bir taajjublanarli hol. Jurnalistika fakulteti, 5-kurs tolibi A.Rahimovning aytganlari: “Soat 19lar chamasi edi. Dorilfununga olib boradigan yo’ldan katta tezlikda kelgan bir oq “Jiguli” avtomashinasi shitob bilan qayrilib, yo’l yoqasida turgan talabani urib ketdi. Tezlikni kamaytirmagan holda namoyishga yig’ilganlar ustiga haydadi. To’planganlar arang qochib qolishdi. Mashina ko’zdan g’oyib bo’ldi. Bu voqeaga 50 metrcha uzoqda turgan mirshablar to’pi befarq qarab qoldi. Qarangki, ularning yonida “Tez yordam” mashinasi shay turgan ekan (?). Yo’l yoqasida ingrab yotgan jabrdiydani olib kasalxonaga oshiqdi. Biz u yigitning kimligini ham, qayerdanligini ham bilmay qoldik…”
To’planganlarning bir qismi shifokorlar shaharchasiga ketadi, boshqalari yana bir tomonga hayqirib yo’l oladi. Non do’koni oldida qolganlarini esa huquq-tartibot xodimlari tarqalinglar, deya hayday boshlaydi. Shu payt OMONchilar yetib keladi. O’q ovozlari yangraydi.
– Dugonam bilan akamnikidan kelayotgan edik. Soat kech 19.30 lar edi, – deydi filologiya fakultetining 2-kurs talabasi M.Tog’ayeva, – bolalar to’planib turishgan ekan. U yoqdan militsiyadagilar kelishdi-da, kaltaklay ketishdi. Keyin bolalar bizni qurshab olib yotoqxonaga olib kirishdi. Quloqlarimiz ostidan o’qlar vizillab o’tdi. Aniq eslayman. Keyin biz qochib 3-qavatga chiqdik. U yerda balkondan qarab bildikki, OMONchilarni tashlagan ekanlar. Ular bostirib kela boshladi. Dastlab 90-yotoqxonaga keldi. U yerdan bolalarni urib, tepib yotoqxonadan chiqarib tashlashdi. Derazaga osilib saqlanib qolgan bolalar ham bor. Qizlar, bolalarni urmanglar, olib ketmanglar, deb qiy-chuv ko’tarishdi. Keyin ular bizning 89-yotoqxonaga o’tishdi. To’p-to’p bo’lib kela boshlashdi. Biz qo’rqqanimizdan eshiklarni ichkaridan berkitib oldik. Shu tariqa ular birinchi qavatdan to to’qqizinchi qavatgacha eshiklarni sindirib, bor bolalarni urib haydab chiqib ketishdi. Sohib degan kursdoshimiz bor. O’zi kasalvandroq. Xonada o’tirgan edi. Bizning “bu bola hech qayoqqa chiqmagan”, deyishimizga qaramay, urib hammayog’ini yorishdi. Shunda ulardan biri meni haqorat qilib, so’kib, qo’limdan ushlab uloqtirib yubordi. Boshqa qizlarimizni ham urib, haqorat qilishdi.
– Ertalabdan buyon to’qqiz nafar bola bizga murojaat qildi, – deydi talabalar poliklinikasining hamshirasi U.Solihova. – Ular orasida 11-yotoqxonada istiqomat qiluvchi Bobojonov degan bolaning oyog’ini o’q teshib o’tgan… ko’plari boshiga tayoq yegan, yiqilib jarohatlangan…
Biz 89-yotoqxona talabalari bilan suhbatlashar ekanmiz, bo’yni-boshiga musht yegan qizlarni, aft-basharalari urib dabdala qilingan, ayovsiz kaltaklanib, qo’lidan jarohat olgan, boshi yorilgan bolalarni, urib sindirilgan eshiklarni ko’rib, yuragimiz uvishdi. Non talab qilgan, yashash uchun qulay shart-sharoit talab qilgan odamning taqdiri shunday bo’lishi tasavvurimizga sig’madi.
– Chet ellarda ham talabalar namoyish qilishadi-ku, – deydi kuyunib dorulfunun domlalaridan biri. – Lekin ular tartibsizlik qilayotganlarni avvaliga suv, ko’zdan yosh oqizuvchi gaz sochib, nari borsa, qo’llaridagi cho’qmorlar bilan urib tarqatishadi. Qurolsiz talabalarga o’q uzish vahshiylik emasmi?
O’n gulidan bir guli ochilmagan yigirma yashar kosonlik Sanjar Barajabovning qoni to’kildi. Sahar chog’i suv purkagich mashinalar xunrezlik sodir bo’lgan joyda asfalt yo’lda to’kilgan qonlarni yuvib o’tdi. Biroz bu mashinalar talabalar xotirasiga sachragan qonni yuvib ketishga ojiz edi. Uxlab-uxlamagan, uyquga to’ymagan, ko’zlariga hadik-xavotir in qurgan talabalar yana o’sha ma’shum katta yo’lda to’plandilar. Bu vaqtga kelib, talabalar shaharchasi chor tarafdan qurshab olingan edi. Namoyishchilar qora bayroq ilib aza ochdilar. To’planganlar olomonga aylanib bo’lgan edilar. Ularning yarasiga na nasihat, na taskin malham bo’ldi. Murosa tilab kelgan talabalarning sevimli shoiri, “Erk” demokratik partiyasining rahbari Muhammad Solihning, Respublika prokurori B.Mustafoyevning, shahar hokimi A.Fozilbekovning so’zlari junbushga kelgan olomonni tinchlantira olmadi.
To’s-to’polon bo’layotgan bir paytda ToshDD ostonasida jurnalistika fakultetining 14 nafar talabasi bo’lib o’tgan fojialarga munosabat sifatida ochlik e’lon qildi. Ularning asosiy talablari tinch namoyish qilmoqchi bo’lgan talabalarga o’q uzgan jinoyatchilarni aniqlash, jazolash, shu bilan birga ularga oynai jahon orqali bir soatlik ko’rsatuvda talaba-yoshlarning dardlarini aytish imkonini yaratib berishdan iborat edi. Biroq ularning “tinchgina” ochlik e’lon qilishlariga ham yo’l qo’ymadilar. 17-yanvar kuni ertalab militsiya xodimlari ularni avvaliga Sobir Rahimov rayon ichki ishlar bo’limiga, so’ng, ko’zdan chetroq debmi, Kuybishev rayon ichki ishlar bo’limiga olib ketishgan.
Xayrullo Ubaydullayev, ochlik e’lon qilgan talabalardan biri: “Besh soat mobaynida bizga buzg’unchi, ommaviy tartibsizliklarning asosiy aybdorlari, degan tamg’ani bosmoqchi bo’ldilar. Ammo ular biz nima uchun ochlik e’lon qildigu, talablarimiz nimalardan iborat ekanligiga tushunmadilar. Albatta, bu fojiadan har kim har xil xulosa chiqardi. Ammo bizning achchiq xulosamiz shu bo’ldiki, ko’pchilik inson haq-huquqlarini to’la tushunib yetmagan ekan. Bundan tashqari, huquq-tartibot xodimlariga istagan odamini urib, haqorat qilishgacha yo’l qo’yib beradigan haddan tashqari ko’p imtiyozlar berib qo’yilgan ekan. Inson huquqlarini qadrlaydigan, shaxs erkinligini to’la ta’minlagan davlatgina erkin va insonparvar davlat bo’la oladi. Buni hali hamma ham idrok qila olgani yo’q…”.
Inson huquqlari, shaxs erkinligi xususida kommunistik diktatura paytida ham, qayta qurish boshlanib, to bugungacha ham juda ko’p marta gapirdik. Eng qizig’i shundaki, qilayotgan ishimizning aksariyati o’sha umuminsoniy mezonlarga zid bo’lib kelmoqda. Namoyishga chiqqanlarga qarata o’q uzilgani buning isboti. Lekin shuni ham aytmasak adolatdan bo’lmas: Ichki ishlar vazirligi matbuot bo’limining bizga xabar berishicha, tartibsizliklar paytida 93 nafar ichki ishlar xodimlari turli jarohatlar olishgan. Ulardan 7 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Biz mas’ul kishilardan o’sha jarohat olgan xodimlar qaysi kasalxonada yotishgani, ularning oldiga bormoqchi ekanimizni aytganimizda, ular Ichki ishlar vazirligining gospitalida yotishganini, lekin turli komissiyalardan, jurnalistlardan bezor bo’lishganini aytib, gapni muxtasar qilishdi… Tan jarohati olgan ichki ishlar xodimlari jurnalistlar bilan muloqotda bo’lishni istashmas ekan, na iloj…
Ha, bir necha kundan buyon bizga ta’kidlab aytishayotganidek, o’q otilgan. Lekin uni kim otgan? Talabalar aytishadiki, o’qni OMONchilar va militsiya xodimlari otishgan. Boshqalar aytadiki, o’q tartibsizliklardan manfaatdor kishilar tomonidan otilgan. Tomonlarning qaysi biri haq: shu tartibsizliklarda qurbon bo’lgan talabalarmi yoki voqealardan bir kun keyin kelib, talabalar bilan muloqot qilmoqchi bo’lgan kishilarmi? Albatta, bu bizga qorong’u. Bu “jumboq”ni aniqlash yana o’sha huquq-tartibot organlarining zimmasida qolaveradi. Agar osmondan chalpak yog’ib, o’q otganlar aniqlansa-yu, ular kim bo’lishidan va kimga qarashli bo’lishidan qat’i nazar, oshkor etilarmikan? O’q otganlarning bevosita rahbarlari-chi?
Ammo, jinoyatchilar fosh etilgani bilan bunday fojialar takrorlanmasligiga kim kafillik beradi?
Axir qachongacha namoyishlar to’rt devor ichida o’tadi? Yetmish yil mobaynida tashabbus ko’rsatib ishlashni, ishbilarmonlikni unutgan, “bersang, yeyman, ursang o’laman”, deb ikki ko’zini davlat beradigan arzimas oylikka tikib qolgan xalq soat sayin ko’tarilib borayotgan narx-navo tazyiqi ostida o’sha miting o’tayotgan to’rt devorni yorib ko’chaga chiqib ketishi lozim-ku! Prezident Karimov har bir nutqida “bizning birinchi vazifamiz tinchlik, xalqning osoyishtaligini asrash”, deya takror-takror ta’kidlaganiga qaramay, xalqning tinchi buzildi. Nega? Bu fojialarning ildizi qayerda? Talabalar shaharchasida yuz bergan vahshiylik, zo’ravonlik haqida jumhuriyat matbuoti, radio va televideniyesi to prezident shahar faollarini to’plab nutq so’zlamaguncha churq etmadi. Agar bu xunrezliklarning boshida turganlar, namoyishchilar o’qqa tutilsin, deganlar topilmas, tegishli jazosini olmas ekan, huquqiy demokratik mustaqil davlat qurayotganimiz xalqaro miqyosda shubha ostida qoladi. Tartibsizliklarni keltirib chiqargan qora kuchlarning maqsadi ham aynan o’sha bo’lsa, ajab emas…
Shunisi ham borki, bizning mustaqilligimizga biroz shubha bilan qarayotgan shaxslar mustaqil bo’lganimizga endi rostdan ishonishdi. Ular shunday deyishmoqda: “Hokimiyatki, o’z fuqarolariga qurol ko’tarishga jur’at etdimi, demak, u mustaqil. Misolmi, mana: yaqindagina SSSR degan mustaqil imperiya mavjud edi va u Boku, Vilnyus, Tbilisi, Farg’ona, Qo’qon, O’zgan shaharlarida o’z fuqarolarini tutday to’kdi va bu jinoyatlar uchun hech kim javob bergani yo’q. Demak, bizda, nafaqat bizda, barcha hamdo’stlik (SNG) davlatlarida ham o’sha sobiq SSSRning an’analari har jihatdan davom ettirilmoqda va u hali uzoq yillar davom etadi. Zero, “mustaqillik” tushunchasini SSSRchilar shunday tushunishgan; hokimiyat qo’lingda bo’lgandan keyin ko’nglingga nima kelsa, shuni qilasan. Odamlar tur desang, turadigan, yot desang, yotadigan bo’lishi lozim. Aks holda, hokimiyat nima uchun kerak?!”
Lekin bizga bir narsa noayon bo’lib turibdi. Talabalarning uy-uylariga jo’natilishi ortiqcha qon to’kilishning oldini olishmi yoki kaltaklangan, jabrdiyda yoshlarni tergov ishlaridan uzoqlashtirish, jinoyat izlarini yopishga urinishmi? Bugun nogoh talabalar shaharchasiga borib qolsangiz, kuni kecha bu yerda O’zbekistonni larzaga solgan fojia yuz berganiga also ishonmaysiz. Chunki tartibsizliklardan zarar ko’rgan binolar, magazinlar, do’konlar ta’mirlanib, asl holiga qaytgan. Go’yo hech narsa bo’lmagandek… Biroq bu fojia sabablarini o’rgangan komissiya ishida qiyinchiliklar tug’dirmasmikan, boshi berk ko’chaga yetaklab ketmasmikan?..
Sezib turibmiz, ushbu maqolani dastlab ko’rgan muharrirdan tortib, ayrim gazetxonlargacha: “otgan, urgan-so’kkanlar qo’lida miltiq va cho’qmor tutganlar bo’lsa, hokimiyatda nima ayb?” deya hayron bo’lishlari mumkin. Rostdan ham shunday. Tbilisida ham, Vilnyusda ham, Qo’qonda va, nihoyat, Toshkentda ham otgan, urganlar qo’lida miltiq, tayoq ushlab buyruqni bajarganlar edi, xolos. Lekin… qiziq bir hol. Qardosh qirg’iz xalqi biron bir yig’inga militsiya xodimi kelib qolsa, hukumat (ya’ni hokimiyat) keldi deyishadi. Shunga o’xshash hokimiyatni birov prezident, biroz kolxoz raisi timsolida ko’rsa, boshqa biroz armiya timsolida ko’radi. Qizil imperiyaning so’nggi kunlariga kelib esa, ular qatoriga OMONchilar kelib qo’shildi. Xullas, eskicha an’analar asosida vujudga kelgan har qanday hokimiyatning yuzi bo’lmaydi. U faqat mukofot olganda, maqtov eshitganda, bitta to’n ostiga kiradi, ammo jinoyat sodir etilganda bo’lak-bo’laklarga bo’linib ketib, mavhum tushunchaga aylanadi-qoladi…
Talabalar shaharchasida yuz bergan fojialarning, vahshiyliklarning ildizi ham ana shu mavhumlikda emasmikan?!.
Yoqubjon XO’JAMBERDIYEV,
Jahongir NAHANOV,
Mirzarahim MAMAJONOV,
“O’zbekiston adabiyoti va san’ati”ning maxsus muxbirlari.
Bu faktlarning haqiqatga nechog’li yaqinligini komissiyalar aniqlaydi, degan umiddamiz.
“O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1992-yil, 24-yanvar.