Insoniyat XXI asrga o‘zi bilan birga olib kirgan katta muammolardan biri bu atrof-muhitning ifloslanishi hamda iqlim isishi bilan bog‘liq ekologiyaning global tarzda buzilishidir.
Ekologik inqiroz davomiyligi va talofat ko‘lamiga ko‘ra turli xil ko‘rinishda yuz beradi. Ayrimlari bir necha kun ichidayoq sodir bo‘lib, tezkor talofatlarni keltirib chiqarsa, ba’zilarining yuzaga chiqishi uchun millionlab yil kerak bo‘ladi. Shuningdek, ekologik inqiroz biror hudud doirasida yoxud global miqyosda bo‘lishi mumkin.
Tabiat muvozanatining buzilishi yoki tashqi ta’sirlar oqibatida tabiiy jarayonlarning o‘z o‘zanidan chiqishi tarzida baholanadigan mazkur voqelik o‘zining eng yuqori pallasida tirik mavjudot turlarining butunlay qirilib bitishi kabi asoratlarga olib kelishi mumkin. O‘tmishdagi muzliklar, suvliklar davri va ular o‘rnini egallagan yangi iqlim sharoitlari hamda ular olib kelgan o‘zgarishlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, mazkur davrlarda flora va fauna olamining ayrim turlari qirilib, o‘rnini yangi navlar egallaganini ko‘rishimiz mumkin. Hozirga qadar inson zotining Yer yuzida yashab qolishiga jiddiy tahdid soluvchi ekologik inqiroz yuz bermagan bo‘lsa-da, lekin bugunning eng katta global muammosiga aylangan iqlim isishi va u keltirib chiqargan va chiqarayotgan asoratlar sayyoramizni yaqin kelajakda insoniyat yashashi qiyin bo‘lgan maskanga aylantirishi aniq.
Biz bugungi maqolamizda ayni shu global muammo atrofida fikr yuritmoqchimiz.
Insoniyat hayoti qay darajada xavf ostida, Yerni bu kabi tahdidlardan asrab qolish uchun nimalar qilinmoqda yoki qilish kerak kabi savollarga quyida javob topishga harakat qilamiz.
Muammoning bosh sababi
Atrof-muhit ifloslanishi hamda natijada iqlimning global tarzda isishiga asosiy sabab tabiiy yoqilg‘i zahiralarining katta hajmda iste’mol qilinishidir. Zamonaviy dunyoda inson ishtahasi ochilib borgani sari neft, ko‘mir, gaz kabi yoqilg‘ilar iste’moliga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda hamda ular ko‘r-ko‘rona va tartibsiz ravishda o‘zlashtirilib, atrof-muhitga katta ziyon yetkazilmoqda.
Avvalo, mazkur yerosti zahiralaridan bo‘shab qolgan konlar mutlaqo yaroqsiz va sog‘liq uchun zararli chiqindi yerlarga aylanib qolishi bilan atrof-muhit uchun xavflidir. Yoqilg‘ilardan foydalanish oqibatida atmosferaga chiqayotgan issiqxona gazlari yetkazayotgan zarar ko‘lami esa undan ham katta. Zavodlardan ko‘kka o‘rlayotgan zaharli tutunlarning aniq hisobini bilish imkonsiz. Kuniga millionlab tonna chiqindilar esa oqava suvlarga qo‘shilib, suv havzasi hayvonot olami uchun ham ulkan ofat manbai bo‘lib xizmat etmoqda. Ochiq hududlarga tashlanayotgan chiqindilar esa katta-katta yerlarda axlat uyumlarini hosil qilmoqda. Bularning barchasi dunyo ob-havosining me’yordagi darajadan ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Global isish sifatida atalayotgan bu holat inson ertasining bugunidan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishi qiyin ekaniga ishoradir.
Global iqlim isishi asoratlari allaqachon insoniyatga kulfatlar keltirib ulgurdi. To‘fonlar, bo‘ronlar hamda qurg‘oqchilik ofatlarining tez-tez uchrayotgani ayni iqlim isishi oqibatida yuzaga kelayotir. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida sanoati rivojlangan mamlakatlarda issiqxona gazlarining katta miqdorda va betartib tarzda atmosferaga chiqarilishi Ozon qavatining teshilishiga olib keldi. Natijada Quyoshning inson uchun zararli bo‘lgan nurlari mazkur teshikdan o‘tib Yer yuzasini yashash uchun xavfli bo‘lgan maskanga aylantira boshladi. Jahon hamjamiyati bundan jiddiy tashvishga tushib, issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish uchun lozim bo‘lgan chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligini anglab yetdi hamda bu borada qilingan amaliy ishlar natijasida mavjud xavfni ma’lum darajada jilovlashga muvaffaq bo‘lindi.
Iqlim isishi abadiy muzliklar diyori bo‘lgan Arktikaga ham yetib bordi. Bu yerdagi ulkan muzliklarning erishi ummonlardagi suv sathining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti. Ayni holat okean qirg‘oqlarida qad rostlagan shaharlarning yaqin kelajakda suv ostida qolib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yuz minglab insonlar joniga zomin bo‘lgan va keyingi yillarda tez-tez sodir bo‘layotgan to‘fon, suv toshqini, zilzila kabi ulkan tabiat ofatlari ham insoniyatning o‘zboshimcha xatti-harakatiga nisbatan berilayotgan jiddiy ogohlantirishdir.
Atrof-muhit ifloslanishi bilan bog‘liq yana bir muammo bu toza ichimlik suvining tanqisligi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning kamida bir mlrd. aholisi toza ichimlik suvi ichish imkoniyatiga ega emas. 1990 -ildan beri toza ichimlik suvini iste’mol qiluvchilar soni 1,6 mlrd. kishiga oshgan bo‘lsa-da, lekin bu ne’matdan bebahralar soni hanuz bir milliarddan ortiq. Bundan tashqari yana 2,5 mlrd. inson asosiy kommunal xizmatlardan foydalana olmaydi. Bular safida zamonaviy ovqat pishirish va isitish texnologiyalariga ega bo‘lmagan 2,4 mlrd. kishi, shuningdek, elektr energiyasi yetib bormagan 1,6 mlrd. kishini ham hisoblaydigan bo‘lsak, hayotning asosiy ne’matlaridan hamma qatori foydalanish saodatiga ega bo‘lmaganlar insoniyatning aksariyatini tashkil etishiga guvoh bo‘lamiz.
O‘tgan asrda suvga nisbatan bo‘lgan talabning oshishi aholi o‘sishiga nisbatan ikki barobar yuqori bo‘ldi. Hali dunyoda suvsizlik muammosi ochiq ko‘zga tashlanmagan bo‘lsa-da, lekin dunyo aholisining 2,8 milliardi yoki boshqacha qilib aytganda jami yer yuzi aholisining 40 foizi suv tanqis bo‘lgan hududlarda yashaydi. Ayni holat mavjud suv resurslaridan tejab-tergab foydalanishni taqozo etadi.
Toza ichimlik suvi borasidagi muammolarga, asosan, Afrika qit’asida yashovchi insonlar ko‘proq duch kelmoqda. Bu mintaqa suv resurslarining hududlar o‘rtasidagi taqsimotida jiddiy nomutanosiblik bor. Masalan, Shimoliy Afrikada aholining 92 foizi toza ichimlik suvi iste’mol qilish imkoniyatiga ega bo‘lsa, sahro mintaqasidagi Afrika davlatlarida bu ko‘rsatkich 60 foizga ham yetmaydi.
Choralar ko‘rilmoqda, biroq…
1987-yili qabul qilingan Montreal Protokoli asosida nihoyat Ozon qavatining teshilishiga katta hissa qo‘shayotgan ayrim kimyoviy moddalarning atmosferaga chiqarilishi taqiqlandi. Natijada bunday gazlarning miqdori 96 foizga kamaydi. Bundan tashqari hozirda iqlim isishi va Ozon qavati teshilishida muhim rol o‘ynovchi yana bir modda– Karbon dioksidi gazini taqiqlash borasida ham amaliy muzokaralar olib borilmoqda. 2007-yili dunyo mamlakatlari hukumatlari yig‘inida 10 yil ichida karbon dioksid gazlarining chiqarilishini butunlay to‘xtatish borasida kelishuv imzolandi.
Cho‘llashish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda daraxtlar ekish va o‘rmonlashtirish ishlari ham ijobiy natijalar bermoqda. Masalan, Pokistonning Tal cho‘l hududida bir necha o‘n yillar oldin daraxt ekish amaliyoti boshlangan edi. Hozir mazkur hudud umumiy maydonining 30 foizi ko‘kalamzor maskanga aylandi. Bu 2,5 mln. gektar yer cho‘llanishdan asrab qolindi, demakdir. Nigeriyada ham keng ko‘lamdagi o‘rmonlashtirish amaliyoti mamlakatda qurg‘oqchilikning kamayishida katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Atrof-muhit ekologiyasini asrab-avaylashda 2000-yili qabul qilingan BMT Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari (MRM) katta o‘rin tutadi. Atrof-muhitni asrash hamda toza ichimlik suvi yetkazib berish mazkur rezolyutsiyada 7-maqsad sifatida ro‘yxatga olingan. Bu muhim masala ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar hamda loyihalarni amalga oshirish uchun global miqyosda har yili kamida 10 mlrd. dollar mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. Ayni maqsad doirasida cho‘llashishning oldini olish hamda cho‘llashish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarni o‘rmonlashtirish amaliyoti ham keng doirada ijro etilmoqda. 2000–2005-yillar orasida olib borilgan ayni chora-tadbirlar doirasida cho‘llashishning global yillik ko‘rsatkichi 8,9 mln. gektardan 7,3 mln. gektarga kamayishiga erishildi.
MRM doirasida erishish ko‘zda tutilayotgan yana bir muhim maqsad bu 2020-yilgacha og‘ir sharoitli kulbalarda kun kechiruvchi 100 mln. qashshoq aholining ijtimoiy yashash ahvolini yaxshilashdir. Lekin ayni maqsadga erishilgan taqdirda ham, bu miqdor dunyo bo‘ylab uysiz yoki kulbalarda yashovchi jami aholining 10 foizini qamrab oladi, xolos. 2050-yilga borib uysiz aholi sonining 3 barobar ko‘payib, 3 mlrd.ga yetishini hisobga olsak, BMT chora-tadbirlari muammoni bartaraf qilish uchun ancha kamlik qilishiga amin bo‘lamiz.
Darhaqiqat, ko‘rilayotgan global tadbirlar mavjud ahvolni to‘la yaxshilash imkoniyatini beradi, deb umid qilib bo‘lmaydi. Real voqelikni yaxshi tushungan BMTdagi mutasaddi shaxslar ham amalga oshiriladigan ishlarni imkoniyat darajasidan kelib chiqib belgilashgan. Masalan, 2020-yilgacha og‘ir sharoitlarda yashovchi aholi sonini kamaytirish borasida qilinadigan ishlar jami yordamga muhtojlarning faqat 10 foizinigina qamrab olishi BMT imkoniyatlarining ancha cheklangan ekanidan dalolat qiladi.
O‘zbekistonda ekologik vaziyat
Yurtimizda ekologiyani asrab-avaylash, atrof-muhit ozodaligini asrash masalalariga katta e’tibor berib kelinmoqda. O‘zbekistonning eng katta ekologik muammosi Orol dengizining qurib borishidir. 1960-yildan 1990-yilga qadar Orol dengizining hajmi 66,900 km kv.dan 36,500 km kv.ga qisqargan. 90-yillarning so‘ngiga kelib u boshlang‘ich hajmining 90 foizini yo‘qotdi. Orol dengizining ekologik falokat hududi Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonni qamrab oladi.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda 301 o‘simlik va 184 hayvon turi “O‘zbekiston Qizil Kitobi”ga kiritilgan.
Davlat statistik ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizda havo ifloslanishining eng katta ko‘rsatkichi Andijon shahriga to‘g‘ri keladi.
2004-yilda Samarqand va Toshkent viloyatlarida esa xavfli sanoat chiqindilari kuzatilgan.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun O‘zbekiston hukumati bir qator strategik dasturlarni ishlab chiqqan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi atrof-muhit gigienasi bo‘yicha milliy harakat dasturi, Biologik rang-baranglikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va Harakat rejasi, Qurg‘oqchilik va cho‘lga aylanishga qarshi kurash bo‘yicha Milliy harakat dasturi, Atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha Milliy harakat dasturi kabi bir qator rejalar qabul qilingan bo‘lib, ular asosida yurtimiz ekologiyasini asrab-avaylash borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
BMT agentliklari tizimi ham O‘zbekistonning tabiiy zahiralarini barqaror rivojlantirish maqsadida atrof-muhitdan foydalanishni samarali boshqarishga va uni muhofaza qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni bir qator loyihalar orqali qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Xususan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston hukumati ekologik muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan qator strategik hujjatlarni ishlab chiqqan. 2000-2010-yillarga mo‘ljallangan davrda qishloq aholisini ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlash davlat dasturi bu borada muhim amaliy ahamiyatga ega. Ayni maqsad yo‘lida ham BMT tizimi agentliklari va boshqa xalqaro tashkilotlar suv zahiralaridan unumli foydalanishda O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Yurtimizda barqaror rivojlanish ko‘rsatkichiga ega bo‘lish bosh maqsad sifatida belgilangan. Barqaror rivojlanish shunday taraqqiyot yo‘liki, unda bugunning manfaatlari yo‘lida kelajak avlod ehtiyojlarining qondirilishi xavf ostiga qo‘yilmaydi. Demak, atrof-muhitni asrab-avaylash, kelajak avlodlarimiz uchun xavfsiz va zarur sharoitlarga ega yashash tarzini meros qoldirish mamlakatimizning taraqqiyot yo‘lida hisobga olinishi zarur bo‘lgan muhim masaladir.
Barqaror rivojlanish tabiiy zahiralar boyligi va yaxlitligini saqlashni hamda ularni boshqarish usullarini takomillashtirishni taqozo etadi. Shuningdek, unda bashariy rivojlanish muammolariga yanada kompleks yondashuv nazarda tutiladi. Bunda kambag‘allikni qisqartirish, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, mutanosib oziqlanishni ta’minlash va ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish kabi muhim sohalar qamrab olinishi zarur.
Kim aybdor?
Achchiq haqiqat shuki, global isishga eng katta hissa qo‘shayotgan davlatlar bu AQSH, Yevropa, Xitoy kabi rivojlangan sanoat mamlakatlaridir. Yer, suv va havo ifloslanishida eng katta ulushga ega bo‘lgan o‘lkalar ayni shu mamlakatlardir. Lekin ular yaratayotgan muammo uchun evaz to‘lash issiqxona gazlarini deyarli chiqarmaydigan Afrika kabi qashshoq hudud mamlakatlariga to‘g‘ri kelyapti.
Afrika qit’asining global isishdan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan hudud ekanligi bugun hech kim uchun yangilik emas. Iqlim o‘zgarishi bu yerdagi shundoq ham jazirama bo‘lgan havoni yanada isitib, oziq-ovqat manbalari bo‘lgan ekin maydonlarini nobud qilmoqda. Natijada ocharchilik balosi mamlakatga keng yoyilib, millionlab odamlarning yostig‘ini quritmoqda.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Afrika bugungi ahvolidan qutilishi uchun iqlim o‘zgarishining qanchalar jiddiy muammo ekanini, avvalo, o‘z xalqiga tushuntirishi kerak. Bundan tashqari, muammo keltirib chiqarayotgan jiddiy asoratlarning oldini olish uchun katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Ehtimol, birinchi maqsadni oz mablag‘ evaziga amalga oshirish mumkindir. Ammo ikkinchi masalani qashshoq Afrika mamlakatlari yolg‘iz boshlari bilan hal qila olmasliklari aniq. Shuning uchun ularni inqirozdan olib chiqish uchun boy mamlakatlar yordam qo‘lini cho‘zishi kerak bo‘ladi. Bu borada rivojlangan davlatlarning aksariyati sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa-da, lekin ular orasida yordam qo‘lini cho‘zayotganlar ham yo‘q emas. Masalan, Norvegiya Tanzaniyaga so‘nggi besh yilda iqlim o‘zgarishi va o‘rmonlarning yo‘qolib borishi muammolarining oldini olish uchun 100 million dollar taqdim etdi.
Tanzaniya o‘rmonlarning yo‘qolib, cho‘llashish darajasining yuqoriligi bo‘yicha Afrikada birinchi o‘rinda turadi. Iqlim o‘zgarishi va global isishga qarshi kurashda cho‘llashishning oldini olish esa juda muhim. Norvegiya Bosh vaziri Jens Stoltenberg aytganidek, “Cho‘llashish global miqdorda issiqxona gazlari chiqishining 20 foizini tashkil qiladi” va bu miqdor shak-shubhasiz dahshatli oqibatlarni keltirib chiqarishi tabiiy.
Norvegiya iqlim o‘zgarishining jiddiy muammo ekanini o‘z vaqtida anglab yetgan ko‘rinadi. U o‘z hududini 2030-yilgacha karbon gazlaridan mutlaqo xoli hududga aylantirishni rejalashtirmoqda. Agar barcha mamlakatlar (hech bo‘lmaganda, AQSH, Xitoy, Hindiston kabi yirik sanoat davlatlari) bu muammo haqida ana shunday fikrlasa hamda shu kabi amaliy ishlarga kirishsa, iqlim o‘zgarishi olib kelishi kutilayotgan salbiy oqibatlarning oldi olingan bo‘lardi. Afsuski, mavjud voqelik buning aksini ko‘rsatmoqda. Rivojlangan yirik sanoat o‘lkalari o‘z iqtisodlari taraqqiyotini o‘ylab, tabiat bilan juda qo‘pol munosabatda bo‘lishda davom etmoqda. Buning esa oqibati xayrli bo‘lmaydi. Bu ketishda tez orada shunday paytlar keladiki, global isishning yanada jiddiyroq zararlarini nafaqat qashshoq davlatlar, balki butun dunyo hududi birday tatib ko‘rishga majbur bo‘ladi. Bunday bo‘lmasligi uchun esa hozirdan global hamkorlik chora-tadbirlarini amalga oshirmoq lozim.