Anchadan beri klassik o’zbek filmlarini yig’ib yuribman. Ko’pchiligimizga ma’lumki, Sovet davrida o’zbek ilm-fani, madaniyati bugungi darajadan yuqori bo’lgan. Ayniqsa, o’zbek kinematografiyasi ancha taraqqiy etganini o’sha davrda ishlangan ko’plab mumtoz o’zbek filmlari va dublyaj ishlarining hanuz sevib tomosha qilinishidan yaxshi bilamiz .
Ana shu mumtoz o’zbek filmlarini jamlab borish va ularga imkon qadar sharh-munosabat bildirish maqsadida blogimda yangi rukn ochishga qaror qildim: O’zbek filmlari.
Bu yerda 40-yillarda yaratilgan “Tohir va Zuhra”dan tortib bugungi kungacha bo’lgan sara o’zbek filmlari tomosha qilish uchun to’liq qo’yib boriladi. Ularga munosbat va izohlar berib borishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
1967-yilda suratga olingan “O’tgan kunlar” filmi ruknimizni ochib berish uchun debocha sifatida tanlandi. Jurnalist To’ychi Ro’ziboyevning ushbu film haqida yozgan taqrizi quyida ilova qilinmoqda. Taqriz so’ngida esa filmni to’liq tomosha qilish imkoniyatiga ega bo’lasiz.
“O’tgan kunlar” filmi haqida
O’zbek kinematografiyasining oltini hisoblanmish “O’tgan kunlar” filmi 1967-yilda Abdulla Qodiriyning shu nomli romani asosida Yo’ldosh A’zamov rejissorligi ostida ilk marotaba suratga olingan. Bu film kinoekranlarga chiqqan ilk davridanoq tomoshabinlar qalbidan mustahkam joyini egallab oldi. Film shu darajada chiroyli ishlangan, aktyorlar shu darajada mahorat bilan o’ynashganki, romanni o’qiganida ko’ziga yosh kelgan tomoshabin filmni ko’rib yana bir bor ko’zlaridan yoshini sidirdi.
Filmda bosh rollarni O’lmas Alixo’jayev (Otabek) va Gulchehra Jamilovalar (Kumush) ijro etishgan. O’lmas Alixo’jayev va Gulchehra Jamilovalar o’zbek kinosining Otabek va Kumushlariga aylanishdi, ko’chalarda ularni uchratgan odamlar “Ana, Otabek ketyapti.”, “Ana, Kumushni ko’ryapsizmi?” deydigan bo’lishdi.
Qolgan rollarda taniqli o’zbek akterlari G. Zufarova (Zaynab), Maryam Yoqubova (O’zbek oyim), Abbos Bakirov (Yusufbek Hoji), R. Hamroyev (Mirzakarim Qutidor), A. Murodova (Oftoboyim), H. Narimonov (Hasanali), Nabi Rahimov (Usta Olim), Hamza Umarov (Homid), Rahim Pirmuhamedov (Qo’rboshi) va Yoqub Ahmedovlar (Azizbek) suratga tushishgan.
Film aslida ikki seriyaga mo’ljallab suratga olinadi. Ammo, Moskvadan qatag’on qilinib, keyin oqlanganlarning asarlari faqat bir seriyalik qilib suratga olinsin degan ko’rsatma bo’lgach, film bir seriyalik qilib tayyorlanadi.
Film suratga olinganidan qariyb qirq yil o’tgandan keyin asosiy aktyorlarning ba’zilari asarni o’sha paytda to’liq o’qimasdan rol o’ynaganliklarini tan olishayotgan bo’lsalar-da, ularning san’ati bugungi kungacha millionlarni lol qoldirib kelmoqda. Bu narsani tan olgan Gulchehra Jamilova o’sha vaqtda hatto homilador bo’lganligini ta’kidlab o’tgan.
Ushbu kino durdonasi haqida fikr so’rab, ba’zi tanishlarimga murojaat qildim:
“O’tgan kunlar” filmi sizda qanday taassurot qoldirgan? Film haqidagi fikrlaringiz qanaqa?
Beruniy Olimov: Menga filmdagi dialoglarning qurilishi, ularning ming o’ylab, o’lchanib yozilgani va qolaversa, aytiladigan har bir so’zning badiiy qudrati juda yoqadi. Ayniqsa, personajlar o’rtasidagi ancha nozik hamda murakkab munosabatlar shu qadar go’zal namoyish etilganki, mazkur holat odamga cheksiz tasalli beradi, yashashga undaydi.
Ochig’ini aytsam, kino ko’rmaydiganlar yoki unga umuman ishonmaydiganlar qatoriga qo’shilib qolganimga o’n yilcha bo’ldi. Bunga ehtimol ikkita sabab bor. Birinchisi, qachonlardir televideniyeda ishlab, ko’rsatuv yoki filmni tasvirga olish va uning mayday-chuyda ichki nuqsonlarini haddan ziyod o’rganganligim bo’lsa, ikkinchisi, hammaga ayon – kinolarimizning ayanchli darajada sayozlashib ketishidir.
Nazarimda “O’tgan kunlar” hech qachon qaytmaydigandek. Nahotki, Abdulla Qodiriy o’lmas meros yaratolgan birinchi va hozirgacha so’ngi o’zbek yozuvchsi bo’lsa. Mana shu o’y oddiy o’quvchini biroz ichiktirgani yomon…
Kamal aka: “O’tgan kunlar” romanini o’zbek klassikasining durdonasi deb aytishganda, mening yodimga albatta O’lmas Alixo’jayev va Gulchehra Jamilovalar bosh rollarda o’ynashgan birinchi film tushadi. Ushbu filmning asosiy kuchi shundaki, u filmni kurayotganda, siz film ko’rayotganingizni unutib yuborasiz va film bilan yonma-yon ketaverasiz. Buning asosiy sababi, mening nazarimda, unda qatnashgan aktyorlarning mahoratida, ularning o’z rollariga ideal ravishda mos kelishida va shuning natijasida rollarning tabiiy chiqqanligidadir. Bu filmda soxtalik va sayozlik ko’rmaysiz. Men “O’tgan kunlar” filmining ilk talqinining qanchalik qimmatli ekanligini uning yangi talqinini ko’rganimdan keyingina bildim. Birdan Toshkentga telefon qilib, “O’tgan kunlar” filmining birinchi talqinini topib, jo’natishlarini iltimos qildim. Ko’ngil qo’msaganda tomosho qilib turaman.
Erkin Karimov: Filmni ko’rganimda negadir hech narsani eslagim kelmaydi. Faqat filmda Otabekning o’rnida o’zim bo’lsamu, Kumush o’shaligicha qolsa (Gulchehra Jamilova). O’zimni Otabekning o’rnida his qilaman va asar muallifi hohlagandek hissiyotlarni tuyaman. Rostdanam, ko’p joylarida yurak siqiladi, ba’zi joylarida ko’zga beixtiyor yosh keladi. Film so’ngida doim yurakda og’ir bir narsa qoladi. Bilmadim, balki men o’ta ta’sirchandirman.
Film uchun akterlarning zo’rrog’ini tanlab bo’lmasdi.
Iftihor: Filmni ko’rishdan oldin, menimcha, asarning o’zini o’qib chiqmoq lozim, shundagina biz kinoni yanada yaxshiroq tushunamiz. Kinoda ko’pgina epizodlar qisqartirilib, ya’ni, sovet ideologiyasiga moslashtirib scenariy yozilgan bo’lishiga qaramasdan, kino baribir o’z motivini yo’qotmagan. Bunda biz aktyorlarning mahorati kinoni yanada jozibador qilganiga ham guvoh bo’lamiz. Masalan, men A. Qodiriyning asarini ikki-uch marta o’qib chiqqanman va o’qish davomida Otabekni O’. Alixo’jayev, Kumushni esa G. Jamilova qiyofasida tasavvur qilganman. Ulardan tashqari, A. Bakirov va M. Joqubovalar ham rolni qiyomiga yetkazishgan. Kitobni o’qiyversam, Yusufbek Hojining so’zlarini nafaqat o’qiyman, balki u (aktyor A.Bakirov) qulog’imga shivirlayotgandek tuyuladi.
Kino ham, asar ham o’ta fojeali. Har ikkisini ham oxiriga yetkazishni istamayman… Asarning tarixiy va tarbiyaviy ahamiyati juda muhim. Ruslar aytgan “XIX asrda Markaziy Osiyoda savodsizlik va qoloqlik hukm surgan va u faqat ruslar tomonidan tugatilgan” degan fikrni asossiz ekanligiga amin bo’lamiz. Chunki, bizda ham Otabek, Yusufbek Hoji, Mirzakarim qutidor kabi savodli, iymonli, diyonatli insonlar bo’lganiga shak-shubham yo’q! Mening nazarimda Qodiriy ham shularga ishora qilgandek:” Xudoyorhon va Azizbeklarning taxt uchun kurashlari, Musulmonqul singari qipchoqlarning (bular tarixiy shaxslardir) xalqning qonini so’rganlari tufayli biz qoloq bo’ldik, oqibatga rus bosqinchilari bizni hech qiyinchiliklarsiz bosib olishdi”.
Qodiriy haq! Va uning “O’tkan kunlar”i o’zbekning dardli va armonli o’tkan kunlaridir.
Marhamat, filmni maroq bilan tomosha qiling:
