Mamlakat nomi: Hindiston Respublikasi
Poytaxti: Nyu Dehli
Eng katta shahri: Mumbay (Bombey)
Rasmiy davlat tili: Hind va ingliz tillari
Mustaqillik kuni: 1947-yil, 15-avgust
Aholisi: 1,132,446,000
Yalpi milliy mahsuloti:
umumiy: $ 2.965 trillion (4-o‘rin)
kishi boshiga: $ 2700 (165-o‘rin)
Hindiston dunyoda o‘ziga xos o‘ringa ega mamlakat. U, asosan, boy tarixi, rang-barang madaniyati bilan mashhur. Bugungi zamonaviy Hindiston tilga olinganda yana ko‘z oldimizga uning ulkan hududi, shunga mos katta aholisi hamda tez taraqqiy etayotgan iqtisodi keladi.
Hindistonning bugungi rivojlanish ko‘rsatkichi yiliga 9 foizni tashkil etyapti. Bu katta raqam. Unga erishish va uni shu tezlikda tutib turishning o‘zi bo‘lmaydi. Bunda, albatta, ko‘plab omillar muhim rol o‘ynaydi. Ulardan biri bu, shak-shubhasiz, mamlakatning ta’lim tizimidir.
Bugun dunyoning ko‘plab mashhur hamda yetakchi kompaniyalarida Hindiston ta’lim tizimi mahsuloti bo‘lgan mutaxassislarning ishlayotganini ko‘rish mumkin. Yildan yilga Hindiston oliy bilim yurtlariga o‘qishga kelayotgan xorijlik talabalar soni ham oshib boryapti. Bularning barchasi mamlakat ta’lim tizimi mustahkam mavqe va sifat ko‘rsatkichiga ega ekanligini ko‘rsatadi. Hozirda Hindiston oliy ta’lim tizimi 17 000 dan ziyod kollej, 20 markaziy universitet, 217 Shtat darajasidagi Universitet, 106 ta universitet maqomidagi oliygoh hamda 13 ta umummilliy ahamiyatga ega institutni o‘z ichiga oladi. Yaqin kelajakda bu raqamlar qatoriga yana 30 ta markaziy universitet, 8 ta yangi Axborot Texnologiyalari instituti, 7 ta Menejment Instituti va 5 ta Hindiston ilmiy instituti qo‘shilish arafasida.
Qadim Hindistonda ta’lim
Vedalar, Purana, Ajurveda, Yoga va Kautilyaning “Artashastra” asari kabi qadimiy manbalarda an’anaviy Hind ta’lim tizimining tamal asoslari o‘z ifodasini topgan. Qadim Hindistonda rasmiy ta’lim berishning Gurukul tizimi amalda bo‘lgan. Bunda o‘quvchi hayotning Brahmacharya bosqichidan o‘tayotganda Guruning, ya’ni ustozining uyida yashab ta’lim olishga majbur bo‘lgan. U bu yo‘l bilan nafaqat bilim olgan, balki ustoz oilasida yashash davrida odob-axloq me’yorlarini ham o‘zlashtirib borgan. Ammo bu turdagi ta’lim faqat yuqori tabaqa vakillarigagina mansub bo‘lib, aholining katta qismi, xususan, ayollar ilm olishning barcha yo‘laridan to‘silgan edi. Jaynizm, Buddizm, Baxti va Islom kabi liberal dinlarning yoyilishi bilan ilm olishning faqat oliy kastalargagina xosliligi haqidagi aqida yemirilib, aholining quyi tabaqalari ham ilm olish imkoniyatiga ega bo‘lib bordi. Ta’limning barcha uchun birdek imkoniyatga aylanishi Angliya mustamlakachilari olib kelgan zamonaviy ingliz ta’lim tizimi o‘rnatilishi bilangina to‘la ro‘yobga chiqdi.
Inglizlar Hindiston ozodligining boy berilib, mamlakat iqtisodining yakson qilinishida bosh aybdor sanalsalar-da, lekin zamonaviy ta’lim va yangi siyosiy-iqtisodiy tizimni olib kelishlari bilan bu o‘lka kelajagi uchun katta xizmatni ham qilib ketgan edilar. Bugungi Hindiston erishayotgan muvaffaqiyatlarda ayni shu mustamlakachi xalq o‘rnatib ketgan tizim ham katta ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etmasdan ilojimiz yo‘q.
Bugungi Hindistonda ta’lim
1947 yil Hindiston mustaqillikka erishgandan so‘ng ilm olish uchun barchaga birdek sharoit yaratib berish hukumat oldidagi muhim vazifalardan biriga aylandi. Jamiyatdagi tabaqachilikning asosi bo‘lgan kasta va boshqa ayirmachilik an’analari Konstitutsiya orqali taqiqlandi va ularga amal qilish jinoyat deb e’on qilindi. Past tabaqalarni xo‘rlovchi, ularni jamiyatda boshqalar kabi teng huquqli hayot kechirishdan to‘suvchi odatlar jamiyat hayotiga shunchalik chuqur singib ketgan ediki, ularga hamma qatori teng imkoniyat yaratib berishni ta’minlash uchun bunday ayirmachi odatlarni man qilishning o‘zi kifoya qilmasdi. Shu boisdan ham ular uchun ta’lim tizimida maxsus imtiyozlar yaratish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Masalan, oliy ta’limda 7.5 foiz o‘rin qabila bo‘lib yashovchi odamlar vakillari uchun, 15 foizi quyi kasta a’zolari uchun, 27 fozi boshqa qoloq guruhlar (BQG) uchun ajratilgan. Ayni shu imtiyozlar tizimi mamlakatda imtiyozsiz yuqori tabaqalar orasida noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Yaqinda BQGga ajratilgan o‘rinlarning yanada oshirilishi aholining turli guruhlari orasida katta to‘polonlarning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Mamlakat turli namoyishlar, qarshilik harakatlari bilan hanuz notinch. Ayrim joylarda tartibsizliklar katta iqtisodiy zarar va hatto insonlarning qurbon berilishigacha olib bordi.
Bundan tashqari, Hindiston Konstitutsiyasi ozchilik guruhlarning o‘z ta’lim dargohlarini ochishlariga va uni o‘zlari istagan o‘quv dasturi asosida mustaqil yuritishlariga ham ruxsat beradi. Ayni shu imtiyoz asosida bugun Hindistonda mamlakat rasmiy ta’lim tizimidan mustaqil bo‘lgan turli diniy guruhlarning o‘quv dargohlari, maktablari faoliyat yuritmoqda.
Bugungi Hindiston ta’lim tizimi boshlang‘ich, o‘rta, yuqori va oliy ta’limni o‘z ichiga oladi. Boshlang‘ich ta’lim sakkiz yil bo‘lib, so‘ng har biri ikki yildan bo‘lgan o‘rta va yuqori ta’lim bosqichlari keladi. Umumiy maktab ta’limi 10+2, ya’ni 12 yil davom etadi. Maktab standarti bitgach, oliy ta’lim boshlanadi. Bakalavrlik darajasi odatda uch yil bo‘lib, ayrim yo‘nalishlarda besh yilgacha davom etishi mumkin. Magistratura esa ikki yildan iborat, ammo bunda ham ayrim sohalarda o‘qish uch yilgacha cho‘ziladi. Bundan so‘ng xohlovchilar muddati bir necha yildan iborat aspirantura, doktorantura kabi ta’lim darajalari uchun o‘qishlarini, ilmiy izlanishlarini davom ettirishlari mumkin.
Hindistonda dunyoning mashhur ta’lim dargohlari bilan bellasha oladigan taniqli o‘quv yurtlari bor. Hindiston Texnologiya Instituti, Hindiston Menejment instituti, Milliy Huquq Makablari va Javoharlal Nehru hamda Dehli Universiteti shular jumlasidandir. Xorijdan Hindistonga ilm istab kelayotgan yoshlar soni ham yildan yilga ortib bormoqda. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Bu o‘lkaning raqobatbardosh va sifatli ta’lim tizimi hamda arzon yashash imkoniyatlari chet ellik talabalarni o‘ziga rom qilayotgan asosiy sabablardandir. Qolaversa, Hindiston hukumati turli tashkilotlar orqali xorijliklar uchun o‘quv grantlari berishni ham yo‘lga qo‘ygan. Masalan, Madaniy Aloqalar bo‘yicha Hindiston Konsulligi (ICCR) dunyoning 50 dan ortiq mamlakatiga ta’limning bakalavr, oliy va ilmiy tadqiqot darajalari uchun ta’lim grantlari ajratadi. Ayni dastur bo‘yicha har yili o‘nlab yurtimiz yoshlari ham grant yutib olib, Hindistonning turli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Kamina ham ICCR granti asosida 2005–2008 yillar davomida Dehli Universitetida Siyosatshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olish imkoniyatiga ega bo’lgan edim.
O‘qish davomida mazkur mamlakat ta’lim tizimi bilan yanada yaqindan tanishish imkoniyatlari kengaydi. Talabalarning o‘qishga bo‘lgan munosabati, dars jarayonlari, imtihonlarning o‘tkazilish tartibi kabi jihatlari bilan bu ta’lim tizimida namuna bo‘la oladigan ko‘plab afzalliklar mavjud ekanligini ko‘rdim.
Imtihonlar…
Tibbiyot, biznes boshqaruvi kabi sanoqli kurslardan tashqari Hindistonning boshqa oliy o‘quv yurtlari kurslari uchun kirish imtihonlari o‘tkazilmaydi. Talabalikka maktabda olingan ballarga qarab qabul bo‘ladi. Ya’ni, o‘quvchining 12 yil davomida yiqqan va so‘nggi sinfdagi bitiruv imtihonlarida olgan bal ko‘rsatkichlari uning qaysi oliy o‘quv yurtiga kira olishi mumkinligini hal qiladi. Shu bois maktabda ham o‘qish-o‘qitish ishlari haqqoniy va qattiq tartib asosida olib boriladi. Bu tizim o‘quvchilarning maktab davridanoq o‘qishga jiddiy yondashib, a’lo baho olish uchun qattiq o‘qishlarini ta’minlagan. Hatto ahvol shu darajada jiddiyki, mamlakat bo‘ylab bir necha o‘quvchining maktab bitiruv imtihonlaridan past bal olgani uchun o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabarlar har yili ommaviy axborot vositalarida uchrab turadi. Chunki maktabda yetarli bal to‘plab, oliy o‘quv yurtiga kirish aksariyat hind yoshlari uchun hayot-mamot masalasidir.
Oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz “osonlikcha” kirib olgan talabani oldinda universitetning shafqatsiz imtihonlari kutadi. Hindiston oliy o‘quv yurtlari, xususan, o‘zim o‘qigan Dehli Universitetidagi oraliq va yillik imtihonlarning o‘ta qattiq nazorat ostida o‘tkazilishi meni juda hayratlantirdi.
Dehli Universitetida bir o‘quv yilida ikki marta imtihon bo‘ladi. Birinchisi yarim yillik sinov bo‘lib, u kollej ma’muriyati tomonidan o‘tkaziladi. Ikkinchisi yil oxiridagi bitiruv imtihoni, uni Dehli Universiteti markaziy rahbariyati jo‘natgan maxsus komissiya oladi. Imtihonga ruchkadan boshqa narsa olib kirish qat’iyan taqiqlangan. Agar kimdir biror yashirin manba olib kirib, undan ko‘chirayotgani ma’lum bo‘lib qolsa, u ogohlantirishsiz darhol imtihon xonasidan chiqarib yuboriladi. Bu uning mazkur imtihondan yiqildi, deganidir. Imtihonlarda “tanish bilishchilik” qilish, pora olish-berish degan narsalar umuman bo‘lmas ekan. Bu ham imtihonlarning adolatli o‘tishi va talabalarning imtihonlarga puxta tayyorlanishlarini ta’minlagan. Imtihondan reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha 60 % dan yuqori bal olgan talaba do‘ppisini osmonga otsa arziydi. Chunki 60 % dan oshirish bu a’lo baho hisoblanadi. (Bizning yurtimizda esa 60 % baho olgan talaba zo‘rg‘a “3” ga ilashadi). 50 % dan yuqorisini esa 2-darajali yoki “4” baho deyish mumkin. Imtihondan o‘tishning minimum darajasi 40 foiz. Natijani 80 % dan oshirish universitet tarixida kamdan-kam kuzatiladigan holat bo‘lib, agar kimdir shunday baxtga musharraf bo‘lsa, uning ko‘rsatkichi barchaning og‘zida uzoq vaqt duv-duv gap bo‘lishi aniq.
Bulardan shunday xulosa qilish mumkinki, imtihonlar nafaqat qattiq nazorat ostida adolatli tarzda o‘tkaziladi, balki ular professor-o‘qituvchilar tomonidan katta talabchanlik bilan ham tekshiriladi. A’lo baho olish uchun qo‘yiladigan me’yorlar juda yuqori bo‘lib, 60 % dan oshirishning o‘zi sanoqli talabagagina nasib etadi, xolos. Kamina ham ko‘p ter to‘kishlar evaziga ko‘rsatkichni 60 % dan oshirishga bir necha fandagina muvaffaq bo‘lganman, xolos.
Imtihonlardagi qattiqqo‘llik boismi, hind talabalaridagi o‘qishga bo‘lgan jiddiy munosabat meni ko‘p hayratlantiradi. Ular o‘zaro gaplashganlarida suhbatlarining asosiy qismi biror fandan qaysi kitobni o‘qish kerakligi yoki u kitobni qaerdan topish mumkinligi haqidagi savol-javoblardan iborat bo‘ladi. Tanaffus paytida ham aksariyatining kutubxonada kitob mutolaasi bilan bandligini ko‘rardim. Kutubxonalarning kitob fondi ham juda boy. Masalan, o‘zim tahsil olgan Dehli Universiteti markaziy kutubxonasi 500 000 kitobga ega. Universitet markaziy kutubxonalar tizimida yana ana shunday 29 ta kutubxona faoliyat yuritadi. Bulardan tashqari universitet kollejlarining har birida kamida 100 000 o‘quv kitoblari mavjud.
Muammolar ham bormi?
Muammolar ham bor. Mamlakat ta’lim tizimi jadal rivojlanib, raqobatbardosh malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlar qatoridan joy olib borayotgan bo‘lsa-da, lekin o‘lkaning umumiy savodxonlik darajasi hanuz past hisoblanadi. 2001 yilgi statistik ma’lumotga ko‘ra, mamlakat xalqining savodxonlik darajasi 65.38 foiz bo‘lgan. Bu borada yurtimizdagi ahvol havas qilsa arzigulik. Mamlakatimizda savodxonlik darajasi qariyb 100 %. Ayni ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston dunyo reytingida kuchli o‘nlikda turadi.
Hindistonda savodsizlik, ayniqsa, ayollar o‘rtasida yanada yomon bo‘lib, 54.16 foizni tashkil qiladi. Qishloq va shahar aholisi o‘rtasida ham savodlilik borasidagi farq ancha katta. Qishloq joylarda o‘quvchilarning 50 foizi beshinchi sinfga yetib bormasdan maktabni tark etadi. Buning sabablari har xil: ba’zilarda o‘qish uchun umuman qiziqish yo‘q. Ayrimlar ishlab oilasiga yordam berish uchun o‘qishni tark etadi. Maktabni tark etayotganlarning aksariyatini qizlar tashkil qilmoqda. Chunki boy xonadonlar uylariga dastyor qilib asosan qizlarni yollashadi. Oilasiga moddiy yordam berish uchun qizlar o‘qishni to‘xtatishga majbur. Shuning uchun ham mamlakatda savodsizlik erkaklarga qaraganda ayollar orasida yuqori.
Qishloq joylardagi savodsizlikning yana bir sababi o‘qituvchilar bilim darajasining pastligidir. Chunki malakali va bilimli o‘qituvchilar qishloq joyda dars berishni istamaydi. Hindiston maktablarining 19 foizida esa barcha fanlardan faqat yagona o‘qituvchi dars beradi.
Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun hukumat maxsus dasturlar ishlab chiqqan. Lekin ta’limdagi asosiy e’tibor ko‘proq oliy ta’limga berilmoqda. Oliy ta’limni rivojlantirish va boshqarish uchun 1953 yili Universitet Grantlar Komissiyasi (UGC) tashkil etilgan. Uning asosiy vazifasi oliy o‘quv yurtlari uchun umumiy talab va nizomlarni yaratish va ular ish faoliyatini nazorat qilishdir.
Mamlakatda ta’lim tizimining bugungi ko‘rinishidan norozi bo‘lgan ziyolilar ham talaygina. Masalan, NCERT direktori J.S.Rajputning fikricha, Hindiston ta’lim tizimi jiddiy islohotga muhtoj. “Hozir amalda bo‘lgan tizim Angliya modeliga asoslangan bo‘lib, u bizni madaniyatimizdan, an’anaviy hayot yo‘limizdan uzadi. Shuning uchun madaniyat va an’analarimizni o‘zida mujasssam etadigan tizimni yaratishimiz kerak, – deydi u. – Bunga erishish uchun ta’lim dasturlariga milliy ma’naviyatni, axloq-odobni ishakllantirishga xizmat qiluvchi maxsus fanlarni kiritish kerak”. Masalaning bu tomoni ham hukumat darajasidagi e’tiborga tushgan va bu boradagi vaziyatni o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Hindistonda ta’limni yaxshilashga yo‘naltirilgan shuncha harakatlarga qaramasdan, hanuz tizimda tenglik va sifat borasida jiddiy muammolar ko‘p va bu siyosat yurituvchilarning anchadan beri boshini qotiryapti. Bu asosan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy notekislik va katta miqdordagi qashshoqlikning keng yoyilgani bilan izohlanadi. Lekin, hukumat va mutasaddi guruhlar fikriga ko‘ra, 11-besh yillik rejada ta’lim tizimiga qaratilgan yangi e’tibor, o‘rta va oliy ta’limga ajratilayotgan kata miqdordagi mablag‘lar bu muammolarni yechishga xizmat qiladi.
“Ma’rifat” gazetasida chop etilgan.