Karim BAHRIYEV*
Rivoyat: Uzun kechalarda ayvonga chiqib olis yulduzlarga termulganimda: “Shu miltir yulduzlardan narida nima bor ekan?” – deb o’ylardim. Balkim yana yulduzlar bordir. U yulduzlarning ortida-chi? Nima bor ekan? Endi bilaman – qorong’ulik bor, cheksiz-tubsiz zulmat bor… Qorong’ulik izlab, yulduzlardan nariga borish shart emas – uyingizdagi chiroqni o’chirsangiz bas, hammayoq zim-ziyo bo’ladi, darhol zulmat yetib keladi, chiroqlari o’chgan yurtlarga.
Ulug’ faylasuf Umar Hayyom bizdan ham oldin yer bor edi, bizdan keyin ham qoladi, degan ekan. Menga tuyuladiki, dunyo ulkan bir qabristondir, axir ming yillar bo’yi odamlarni yerga ko’mganlar, bugun ham ko’mmoqdalar, ertaga yana ko’plab ko’madilar… Zaminda odamzod suyaklari bir necha qatlam bo’lsa kerak.
Ana shu qorong’u qabriston-dunyo kengliklarida imonli, tirik odamlar shamlarday unda-bunda kuyib yotadilar. Shuning uchun inson o’lganda dunyo nogoh qorong’ulashadi.
Cho’lpon halok bo’lgan kuni Turkiston uzra og’ir zulmat cho’kdi. Bugungacha yurtning o’sha chekini qorong’u bosib yotibdi. Cho’lpon kabi yona oladigan farzandlar tug’ilsa, yurt yorishadi… Ko’ngillar yorishsagina yurt yorishadi, ko’ngilni yoritadigan nur esa tafakkur yog’dusi, madaniyat sha’midir. Buyuk asarlar kolxoz, sovxoz bo’lib yozilmaydi, ularni daholar yozadilar…
Uch yil avval Sharqiy Ovro’po mamlakatlarida sayohatda bo’lgandim. Polshadan Olmoniyaga o’tishimiz bilan g’aroyib bir ahvolga tushdik. Garchand yo’l chetida, “Ozoda bo’laylik!” shiori bo’lmasa-da, yo’llar chinniday toza, gullarning bargidan shabnam uchib ulgurmagan. Odamlar-chi?! Odamlar biram xushmuomala, siz turtilib oyog’ini bosib olsangiz ham u uzr so’raydi. Har ikki gapining birida: “Bit-te”, “Pliz” – “Marhamat”, “Jonim bilan” – deb turishadi. So’kishib, darg’azab bo’lib turgan biror kimsani uchratmadim. Aytishingiz mumkin: “Ularning do’konida hamma narsa bor, magazinlar molga to’la bo’lsa, nega darg’azab bo’lsin?!” Xato qilasiz. Siz o’ylaysizki, ularda yashash oson, uch quloch chit, ikki kilo shakar izlab bizday sarson bo’lsalar, xushmuomalalikdan asar ham qolmasdi, siz o’ylaysizki…
Yo’q, ularda hamma narsa borligi uchun ular xushmuomala emaslar, askincha, ular xushmuomala bo’lganliklari uchun ularda hamma narsa bor, ularning ko’chalari toza bo’lgani uchun ular tartibli emas, aksincha, ular tartibli bo’lganlari uchun ko’chalari tozadir. Sizni ishontira oldimmi? Kengroq mulohaza yuritaylik. Bizda hech narsa yo’qligi uchun biz madaniyatsiz emasmiz, biz madaniyatsiz ekanimiz uchun hech vaqo yo’q. Bizda hech vaqo yo’qligi uchun o’g’rilar ko’p emas, bizda o’g’rilar ko’pligi uchun hech vaqo qolgani yo’q, xalq ochligi uchun poraxo’rlar ko’p emas, aksincha, bizda poraxo’rlar ko’pligi uchun xalq ochdir… Bugun men dunyoning bir tilsimini bilganga o’xshayman.
Xun bo’lib ketasan: yaxshi qonunlar bor, adolat va’da qilayotgan hokimlar bor, farmonlar bor… Nega yashash kundan-kunga qiyinlashmoqda? Ishlab chiqaruvchi korxonalarga erkinlik berildi, tadbirkorlik qonunlashtirildi, xohlaganlar tomorqa olmoqda… Nega farovonlikdan asar ham yo’q? Mening nazarimda, biz madaniyatimizga chap ko’z bilan qarab kelayotganimiz uchun ommaviy chalasavodlik, ma’rifatsizlik va uning oqibatida yuzaga kelgan qalloblik, poraxo’rlik, ikkiyuzlamachilik avjiga chiqdi, endi biz zaminni shu illatlardan tozalamay bu elni iqtisodiy boy qila olmaymiz. O’z paytida 1866-yilgi Avstriya-Prussiya urushida prussiyalik maktab o’qituvchisi g’alaba qildi, degan ibora mashhur edi, ya’ni prussiyalik askarlar maktabda yaxshi o’qigani uchungina Prussiya davlati urushda g’olib keldi. Biz maktablarimizga – maorifga e’tibor bermas ekanmiz, iqtisodga sarflagan xarajatlarimiz behuda ketaveradi, chunki chalasavod ishchi yasagan buzuq mashina ham do’kon peshtaxtasiga kelib tushmaydi, zero uni yo’ldayoq nochor maktabimizni bitirgan “chaqqon”, “o’quvchi” o’marib ketadi.
Milliy madaniyat, sharqiy ma’naviyat, o’zbekona g’urur tiklanmas ekan, davlat iqtisodi ham qad rostlay olmaydi. Aytishlaricha, Saudiyada pulingizni yo’lda tushirib qoldirsangiz, o’n kundan keyin ham birov tegmas ekan. Chunki Saudiyada kimningdir puli yo’qolibdi, degan gap butun xalqning nomiga isnod keltirishini har bir arab biladi. Biroq bizning “Paxtakor” futbol komandasi o’yinchilari, deylik, moskvaliklarga yutqizganda, o’sha kuni bir stadion to’la o’zbek boshini egib chiqishini, o’sha kech oynai jahon qarshisida o’tirgan yigirma million o’zbekning ko’ngli cho’kib, boshi egilishini o’ylamaydi. O’ylasa, durustroq o’ynardi. Institutga pora olib talaba kirgizayotgan o’zbek domlasidan tortib, gazeta sotayotib uch tiyin “yulib” qolayotgan o’zbek do’kondorigacha o’zbek xalqiga obro’ keltirmayotganini bilib olishi kerak. Milliy g’urur tiklansin, axir.
Bir vaqtlar Moskva jurnallarida “o’zbeklar poraxo’r”, degan gaplar bosilganda men ham ularga qarshi: “Moskvada poraxo’rlar bizdagidan kam emas, bizda poraxo’rlar boshqa yerdagidan ko’p emas!” – deb yozgandim. Bu bir norozi ko’ngilning e’tirozi edi, xolos. Bugun aytish kerakki, bunday maqtanchoqlikning vaqti o’tdi. “Sizda qalloblik bizdagidan kam emas!” – demoqlik: “Bizda ham qalloblik sizdagidan kam emas, biz ham qalloblikda sizdan qolishmaymiz!” – demoqqa teng, umuman bu maqtanadigan ish emas. Butun Ittifoqdan qutulgan jumhuriyat mustaqillikka da’vogar ekan, sho’ro davrining “merosi”dan poraxo’rlik, o’g’rilik, chalasavodlik – ma’naviy qashshoqlikdan ham mustaqil qutulmog’i kerak. Bu “meros” bilan uzoqqa borib bo’lmaydi.
Madaniyat dunyoni qutqaradi, deyishadi. Lekin madaniyatni kim qutqaradi? Agar bugun jamiyat madaniyatni asrasa, ertaga, faqat ertaga madaniyat jamiyatni asraydi. Uning dardi ko’r, yarasi og’irdir…
Madaniyatimiz boshiga tushgan og’ir musibatlarni men ikki davrga bo’lgan bo’lar edim. Birinchi davr Oktabr inqilobigacha bo’lgan vaqtni o’z ichiga oladiki, bu paytda madaniyatimizga qaroqchilarcha munosabatda bo’lindi. Temuriylar zamonida o’zining Uyg’onish davrini boshidan kechirgan madaniyatimiz dunyoning to’rt tomoniga dovrug’ taratgan edi. Bu zaminda osmono’par minoralar qad ko’tardi. Madrasalarda talabalar diniy va dunyoviy ilmlarni o’rganardilar, falakiyot, yershunoslik, kimyo, tabobatdan saboq olardilar. Garchand bobolarimizni yaqin-yaqingacha “savodsiz” deb kelishgan bo’lsa-da, bilamizki, shu zaminda eng murakkab Aljabr-Algebra dunyoga kelgan. Movarounnahr hunarmandlari – xattotlar, misgarlar, kulollar, gilamdo’zlar, kosiblar, me’morlar, naqqoshlar, zargarlar, temirchilar, chilangarlarning shuhrati sarhadlardan oshgan edi. Qolaversa, Temur imperiyasi davrida juda ko’p moddiy va madaniy boyliklar xazinalarga kelib tushdi, nodir qo’lyozmalar kutubxonalar javonidan joy oldi. O’zining qonuniy, huquqiy, madaniy tizimiga ega bo’lgan bepoyon davlat yuzaga keldi. Va, tabiiyki, uning g’animlari pana-panada boyliklarimizga ko’z tikib yotgan bo’lsalar-da, tajovuz qilishga botina olmagan edilar.

90-yillar boshidagi "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" haftaligi
Afsuslar bo’lsinkim, vaqt o’tishi bilan Amir Temur qudrati va zakovati bilan bunyod etilgan mamlakat yemirila boshladi. Buning qator sabablari bor, ammo asosiysi – noahilligimizdir. Alisher Navoiy, Bobur, Mirzo Ulug’bek, Xo’ja Ahror kabi hazratlarimizning sa’y-harakatlariga qaramasdan “voris”larning hokimiyatparastligi, ochko’zligi, kaltafahmligi oqibatida har bir voha o’zini xonlik, deb e’lon qila boshladi. Xonliklarga bo’linib ketayotgan mamlakatni g’animlar asta-sekin talay boshladilar. O’rislardan ancha oldin mo’g’ullar, eroniylar, inglizlaru daranglar chovut solib keldilar.
Ammo milliy boyliklarimizni talon-taroj qilishda Rus imperiyasining oldiga tushadigani bo’lmadi. Uzoq davr mobaynida chor Rossiyasi askarlari bosib olgan har bir shaharning kutubxonalari, xazinalari talandi, o’ris olimlari qo’lyozmalar, tarixiy hujjatlar, muhrlar, tangalar, antiqa buyumlarni yig’ib, poytaxtlariga jo’nataverdilar. Joylarning hokimlari va gubernatorlari ham “bilimdon” qaroqchilar edi. Gilamlar, soplaru duru gavharlar bilan bezalgan pichoqlar, zargarlik buyumlarining eng nodirlarini qo’lga kiritdilar. Xonliklarning kutubxonalari, xazinalari talandi, ularning qo’lidan saroylarning, minoralarning o’zini ko’tarib ketish kelmasdi, xolos, ichi esa ayovsiz shilindi.
Moskvada o’qib yurgan paytlarimda Sankt-Peterburg (o’sha paytda – Leningrad) tomoshasiga tez-tez borib turardim va sayru sayohatlarning eng zavqlisi Davlat Ermitajiga tashrif edi. Albatta, o’sha paytlarda madaniyatimiz fojeasini butun dahshati bilan tasavvur etgan emasdik. Faqat xayolimizdan: “Mana shu amir taxtini nega Buxoroga borib tomosho qilmaymiz? Nega O’rta Osiyo xalqlari madaniyati va san’ati tarixi muzeyiga aylangan Ermitajning Sharq bo’limi O’zbekistonda emas, bu sovuq o’lkada?..” – kabi fikrlar kechardi, xolos.
Ermitajning qaroqchilik bilan boyish tarixiga kelgusi yilda 230 yil to’ladi. O’tgan asrlarni aytib o’tilmaganda, sho’ro davrining o’zidayoq, to hozirgacha talanayotgan Osiyo zamini ne-ne boyliklaridan ayrilmadi. General Kaufman 1873-yilda o’ris Jug’rofiya jamiyatiga taqdim etgan Xeva xonlarining xazinasi – o’zi bir muzey. Men bu xazinadagi bir to’g’nog’ichni soatlab tomosha qilgan edim. XIX asr boshida yasalgan bu to’g’nog’ich uzunligi 11.6 santimetr bo’lib, tillodan hallangan kumushdan yasalgan, oltin gardishli haqiqi bor, shodasiga dur va sadaf taqilgan edi. Balkim, bizda dur va sadaf topilar, oltinimiz bor. Ammo XIX asr xevalik ustalar qaytib kelmaydilar. Bu ulardan yodgorlikdir.
Yer ustidan o’marilgani yetmagandek, yer tagiga ham qiziqishdi. 30-yillarda arxeologik qazilmalar boshlandi. O’sha paytda topilgan noyob osori atiqalardan biri – O’zbekiston hukumati ermitajga sovg’a qilgan! – Termiz mavzeidagi Budda qadamjosidan topilgan mashhur Ayritom sharafasidir. O’shanda O’zbekistonda SSSR FA muxbir a’zosi A.YU.Yakubovskiy izg’ib, keng ko’lamda kovlashlar o’tkazdi. Zarafshon vodiysidagi ko’hna shaharlar va qasrlar o’rni qazildi, Samarqand atrofidagi Talibarzu va Kofirqal’a, Buxoro tevaragidagi, Poykent topilmalari, ko’hna Varaxsha shahristonidan topilgan bebaho yodgorliklar, qimmatli buyumlar va nafis devoriy naqshu nigorlar ermitajga oqib boraverdi… Urushdan so’ng SSSR FA muxbir a’zosi S.P.Tolstov Xorazmda olib borilgan qazilmalarga – bobolarimiz go’riga o’g’irlikcha tushishga rahbarlik qildi. Mana, bir necha yildirki, Eski Termiz o’rnidagi Qoratepa Budda ibodatxonasi (III–IV) qazilmoqda. Ermitaj ishtirok etayotir, Poykentda qazish ishlari takroriy boshlandi…
Tariximizni kelgindilardan qolgan uch-to’rt siniq sopol ko’za bilangina o’rganish – chalasavodlik, SSSRdan etak qoqib ketish kerak emas, etakni to’ldirib o’z mulkimizni ajratib olishimiz kerak.
Xalqimizning muqaddas mulki bo’lmish Turkiston o’lkasining ma’naviy, moddiy, tarixiy boyliklari bugun jahonning barcha muzeylaridan joy oldi. Bu sochilgan mulkni yig’ishtirib kelish lozim. Almashtirish, sotib olish, adolat bilan egasiga qaytarish orqali ularni asl yurtiga keltirish mustaqil O’zbekiston davlatining burchidir. Bu uzoq va izchil siyosatni talab qiladi.
RIVOYAT: “Madaniyat ministri” degan iborani hazm qilolmayman. Bu “odob-axloq ministri”, “fahm-farosat ministri” deganga o’xshash gapdir. Butun boshli madaniyat ministrligi Mukarrama Turg’unboyevaday bitta raqs tushib berolmaydi, yozuvchilar uyushmasining apparati brigada tuzib ishlasa ham, Abdulla Oripovday bitta she’r yozib berolmaydi, albatta. Men bozordan bodring sotib olganda uni ekkan dehqon qaysi partiyaning a’zosi ekan deb o’ylamayman. Tarvuz yeb o’tirganda, uning mazasiga tarvuz ekkan dehqonning siyosiy dunyoqarashi ta’sir qiladi, degan xayol kulgilidir. Xuddi shunday ijodkorni ham andozalarga solish avvalo jaholat belgisidir. Hammani bir xil fikrlashga majbur qilib bo’lmaydi. Garchand buni eng yuksak lavozimli zot xohlasa-da. Balkim, hammani bir xil gapirishga majbur etish mumkindir. Shunda ham hamma bir xil gapirayotgan, lekin har xil o’ylayotgan bo’ladi. Sizga birovning fikri yoqmasa, u bilan do’st bo’lmang, qizingizni unga erga bermang, boringki, ko’rganda salomlashmang, lekin u ham yashashi kerak, u ham sizday odam, faqat siz xohlaganday fikr yuritmaydi.
Madaniyatimiz musibatlarining ikkinchi bosqichini jaholat zamoni, badaviylik asri desa to’g’ri bo’ladi. Bu inqilobdan keyingi davrdir. Ilgarigi Rus chorizmining qaroqchilik siyosatini qaysidir ma’noda tushinish mumkindir. Ular buyuk madaniyatimizni tan olar edilar, bu qimmatli narsalarni o’g’irlab, egalik qiluvchi bosqinchilar, savdogarlar siyosati edi. Ammo inqilobdan so’ng hokimiyatga kelgan bolsheviklar madaniyatimizni ham, xalq sifatida o’zimizni ham yo’q qilishga kirishdilar. Inqilobdan oldingi chorizm o’zbekning uyini bosib, eng qimmatli buyumini o’g’irlab ketgan bo’lsa, bolshevizm bu uyga ko’chib kirib, o’z tartibini o’rnatdi, sallasini yechib, o’ziday shapka kiydirdi. “Shashmaqom”ni emas, “Internatsional”ni kuylashga majbur qildi.
Fojeaning ulkanligi shundaki, avval bir xalq ikkinchi bir xalqni bosib, talagan bo’lsa, endi mavhum bir g’oya hamma xalqlarni talay boshladi. Yangi tuzumdan o’rislarning o’zi ham mislsiz ozor chekdi, cherkovlari buzildi, kitoblari yoqildi, odamlar qurbonliqqa so’yildi. Bugungi kurash o’ris byurokratiyasining o’zbek demokratiyasiga qarshi jangi emas, o’ris va o’zbek byurokratiyasining o’ris va o’zbek demokratiyasiga qarshi jangidir. Falakning charxini ko’ringki, endi biz hokimiyatni hokimlardan, dinni din peshvolaridan, xalqni – “xalq nomidan” so’zlayotganlardan, askarlarni Mudofaa ministridan himoya qilishga majbur bo’lmoqdamiz. Hokimiyat “xalq xizmatkori” bo’lishi lozim edi, ammo xalq hokimiyatning quliga aylantirildi. Bugun jumhuriyat Kreml imperiyasidan ozod bo’layotganda biz uning “yomon odatlari“dan ham ozod bo’lishimiz, shlyapa kiygan zolimdan qutilib, do’ppi kiygan zolimga tutilmasligimiz lozim. Shu paytgacha bu imperiyada madaniyatga o’gay ko’z bilan qarab kelindi, bugun ozod O’zbekistonda ishni madaniyatga – maorif, san’at va adabiyotga munosabatni o’zgartirishdan boshlash shart.
Madaniyatimiz musibatlarining sovet davri haqida gapirganda yo’qotishlarimizning butun ko’lamini nazarda tutish kerak. Uning eng qattol g’animi “g’oyaviylik, sinfiylik va partiyaviylik nazariyasi” bo’ldi. Butun madaniyat bir g’oyaga – “Kommunistik g’oya”ga xizmat qildirildi. “Insoniyat tarixi – sinflar kurashidir” – degan edi bolsheviklarning dohiysi Lenin. Ikki sinf – ikki madaniyat nazariyasi umummadaniyatning tinkasini quritdi. Go’yo dunyoda “burjua madaniyati” va “proletar madaniyati”gina bor ekan. Leninning siyosiy kurashlarni nazarda tutgan qarashlarini keyinchalik eng nozik sohalarga – shu jumladan madaniyatga ham tatbiq etildi. “BKP(b) tarixi qisqacha kursi”ning to’rtinchi bobida Iosif Stalin shunday yozgan edi: “Eski g’oya va nazariyalar borki, ular o’z vazifalarini o’tab bo’lganlar va jamiyatning qoloq kuchlariga xizmat qiladilar. Ular jamiyat rivojiga xalaqit beradilar, uning olg’a intilishiga to’sqinlik qiladilar. Yangi, ilg’or g’oyalar va nazariyalar jamiyatning ilg’or kuchlari manfaatlariga xizmat qiladilar”. (История ВКП(б) Краткий курс. 1938-yil, 111-bet) “Eskilik sarqiti” sanalib masjidlarimiz buzildi, muqaddas kitoblar gulxanga tashlandi, Cho’lpon, Fitrat, Qodiriy, Usmon Nosirlar otildi, Behbudiylar so’yildi. Har bir asardan, har bir ijodkordan ikki madaniyat izlarini axtaraverib tadqiqotchilarning miyalari g’ovlab ketdi. “G’ovlagan miyalar”ning davri keldi.
Bunday quvg’in uzoq davom etdi. Cho’lpon, Fitrat oqlanib, kitoblari chop etildi. Ayni paytda bugungi ijodkorlarning boshiga ne kunlar solindi… Oqlanish uchun otilish kerakmikin?
Albatta, bugun azoblarning barchasi uchun qasos olishga chaqirayotganimiz yo’q. Bizni ne ko’yga solganlarini tushunmoqchimiz, xolos. Madaniy yo’qotishlarimiz izsiz ketmadi. Ne ahvolga tushganimizni bilish uchun ostona hatlab ko’chaga chiqish kifoya. Yo’laklar iflos, ko’chalar o’ydim-chuqur. Odamlarda har kuni cho’milish imkoni yo’q. Men shunchaki “kundalik turmush madaniyati” haqida gapirmoqdaman. Ko’chada, metroda, ishda birorta xursand odamni uchratmaysiz, hamma tund, yelkasini qisib, pildirab ishga boradi, pildirab ishdan keladi, na qo’shni bilan, na qarindosh bilan ishi bor. Salom bersangiz o’qrayib qaraydi, go’yo siz kecha uning uyini o’marib ketgansiz. Qani, ey inson, o’zbekchiligimiz, mahalladoshligimiz, yurtdoshligimiz. “Bir mushtdan ursa, o’ldiradi, bir tishlamdan bersa, to’ydiradi”, – deyishardi ahilligimiz haqida. Bugun bir mushtdan urib o’ldirishi mumkin, lekin yarim tishlam ham bermaydi. Qo’pollik, yolg’onchilik, o’g’rilik, poraxo’rlik, ichkilikbozlik, giyohvandlik avjiga chiqdi, ular o’zbekning kushandasidir.
Rivoyat: Aytishlaricha, amerikalik maktab o’quvchisi bilan sovet maktabining o’quvchisi “Artek” pioner lagerida uchrashib qolishibdi. Apelsin yeb o’tirgan amerikalik bolakay sovet o’quvchisidan so’rabdi: “Sizlarda ham apelsin bormi?”, “Yo’q, – deb javob beribdi bizning o’quvchimiz, – bizda apelsin yo’q, ammo sotsializm bor!” “Be-e, nima bo’pti? Kerak bo’lsa, biz ham Amerikada sotsializm qurishimiz mumkin”, “Unda sizlarda ham apelsin bo’lmaydi”. Shunaqa gaplar…
Biz shunday jamiyat qurdikki, bu yerda boylarni yomon ko’rishadi, kambag’allarni maqtashadi. Kambag’alni yaxshi ko’rish emas, unga achinish kerak, boy bo’lishi uchun sharoit yaratish lozim. Singapurning hukumat rahbaridan: “Nega mamlakat birdaniga farovonlashib ketdi, sababi nima?”–deb so’raganda, u shunday javob berdi: “Buning uch sababi bor: 1) astoydil mehnat; 2) haqiqiy ta’lim-tarbiya; 3) halol hukumat”.
Odamlarning dangasa bo’lib ketgani hammamizga ayon. Biz chet elliklarga havas qilamiz, lekin ular juda qattiq mehnat qiladilar. Bir xorijlik jurnalist kulib gapirib bergan edi: “Hayronman – sizlar o’zbeklarday ishlab, yaponlarday yashashni xohlaysizlar!” Ha, yaponlarday yashash uchun yaponlarday mehnat qilish kerak. Va yaponiyanikiday hukumat lozim.
Yaponiyani gapirayotib, bir sibirlik do’stimning hikoyasini esladim. Aytishicha, yapon harbiy asirlari eng iflos handaq qazish ishlariga ham toza, ohorli oq ko’ylak kiyib chiqar, bellariga oppoq sochiq tugib olar ekanlar. Ular ozod etilgach, baraklarni tozalashga borishibdi. Chunki bizning mahbusxonalardagiday axlat uyumlari, devorlarga uyat so’zlar o’yib yozilgandir deb o’ylashganda. Qarashsa, pollar yarqiraydi, oppoq devorlarda yaponcha tabiat manzaralari… Qamoqxona komendantining aytishicha, yapon asirlari barakka kirishdan avval… oyoq kiyimlarini yechar ekanlar.
Sezyapsizmi, hammasi bir-biriga bog’liq. Yaponlar hatto asirlikda ham insoniy qiyofalarini yo’qotmaganlar, biz esa ikki dona sovun topilmasa hammani urib-so’kishga tayyor bo’lib qoldik. Bizga qasdma-qasd sovundan darak yo’q. Sovun esa biz urushishdan to’xtab, ishlay boshlasak, albatta, bo’ladi. Madaniyat mavzuiga qaytaylik.
Madaniyatimizga katta zarar yetkazgan aqida Leninning “San’at xalqnikidir” iborasini jo’n talqin etilishi bo’ldi. Madaniyat hammaga tegishli, ammo unga ega bo’lish uchun miyaning zangini yuvib, aqlni ishlatish kerak bo’ladi. Navoiyni tushunish oson emas, lekin shu qiyinchilikdan erinmagan inson o’zini boyitadi. “San’at – xalqnikidir”, lekin xalq san’atga ega bo’lishi uchun harakat qilishi kerak, ya’ni “san’at – aqlini ishlatgan xalqnikidir”. Bizning buyuk ajdodlarimiz, nodir kitoblarimiz bor, ammo ular o’qilsagina biz qalban boy bo’lishimiz mumkin. Ulkan ma’naviy merosimiz bor, lekin unga “merosxo’rlik varaqasi” rayijroqo’mdan berilmaydi, bu meros hamma uchun ochiq, faqat o’qing, o’ylang, ko’ngilga soling…
Madaniy ehtiyojlar qashshoqlashib ketdi, aytish mumkinki, ta’b xiralashdi. Navoiyni o’qish qiyin, odamlar yengil shoirni o’qishmoqda. “Shashmaqom”ni tushunish og’ir, odamlar “Do’lana-do’lana”ni tinglashmoqda. Bozor iqtisodi madaniyatni savdogarlashtirmoqda, suyuq filmlar, yengil-yelpi qo’shiqlar, bozori chaqqon maishiy tomoshalar, folbinu ekstrasenslar haqiqiy madaniyatni chetga sura boshladilar. Sharqni qilich bilan ololmagan G’arb shu yo’l bilan zabt etishi mumkin.
Fikri tiniq kishilar bozor iqtisodiyoti sharoitida madaniyatning himoyasiz qolishi xavfi borligini sezdilar. Madaniyatni asrashga chaqiriqlar unda-bunda eshitilmoqda. Lekin so’zdan ishga o’tish kerak. “Har bir odam jamiyatning madaniy hayotida erkin qatnashish, san’atdan rohatlanish, ilmiy taraqqiyotda ishtirok etib, uning mevalaridan bahramand bo’lish huquqiga egadir”, – deyiladi Xalqaro inson huquqlari deklaratsiyasining 27-moddasida. O’z tabiatiga ko’ra madaniyat sohasidagi munosabatlarning zamirida ijodkor shaxsi turadi. Bu munosabatlar faqat tenglik asosida rivojlanishi mumkin, bu yerda hokimiyatning foydasi yo’q. madaniyatda boshqaruvchi va bo’ysunuvchi, xo’jayin va o’rinbosar bo’lishi mumkin emas. E.Vohidov buyruq asosida she’r yozmaydi. Ijodda buyruqbozlik ijod erkinligini bo’g’adi. Bu ijodkor bilganini qilaveradi, degani emas. Xo’sh, madaniyatga qonun nega kerak? Ijod erkinligi huquqsiz bo’lmaydi, ya’ni qonun ijod erkinligini kafolatlaydi. Madaniyat sohasidagi huquqiy munosabatlarning tartibga solinmaganligi, yaratuvchi ijodkor shaxsining huquqiy maqomi yo’qligi, himoyasizligi aslida erksizlikdir, chunki himoyalovchi qonunlar yo’qligi uchun ijodkorning qismati vazirlikdagi ma’murlarga bog’liq bo’lib qolmoqda. A.Pushkin Imperatorning himoyasidan qonunning himoyasi afzaldir, degan edi.
Bizning mamlakatimizda hokimiyatning “sanoyi nafisa va adabiyot”ga g’amxo’rligi uning nazorati va senzurasi bilan bog’liq bo’lib keldi. Madaniyat va g’oyaviylik zanjiriga bog’lab qo’yildi, “sotsialistik realizm” atalmish rost yozuvchi ijodkor og’ziga tiqilgan latta uzoq so’zlashga ikon bermay keldi, haqiqatni yozganlar “sotsializmni ko’rolmaganlar, antisovetlar” deb ataldi. Keyingi yillarga kelib ochiq qatog’onlar bo’lmasa-da, zimdan siquvlar, ma’muriy-partiyaviy zo’ravonlik davom etdi. Albatta, ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham g’oyaviy hokimiyatni o’z qo’liga olgan yagona xo’jayin – davlatning madaniyatni huquqiy ta’sir o’rniga ma’muriy boshqaruv yo’li bilan ushlab turishi tabiiy edi. Buning natijasida ijodkor huquqning sub’ekti emas, ob’yekti edi, xolos. Ya’ni uning huquqlari yo’q, faqat davlat oldida majburiyatlari bor. Uning iste’dodi biulan hech kimning ishi yo’q, davlat istasa jazolaydi, istasa kechiradi, istasa mukofotlaydi.
Ijodkor iki o’t orasida qoldi: “u yo san’atga, yo hukumatga xizmat qilishi kerak?” San’atga xizmat qilsa, hayoti og’irlashadi, hukumatga xizmat qilsa, unvon oladi, oliy pog’onaga ko’tariladi, asta-sekin daho inson oddiy davlat xizmatchisiga aylanadi. Bundan buyon mustaqil O’zbekistonda ijodkorga munosabat tobelik emas, tenglik asosida bo’lishi kerak. Madaniyat haqidagi qonunning asosiy g’oyasi – shaxsning ijodiy mustaqilligi va erkinligini huquqiy ta’minlashdir. Demokratik huquqiy davlatning asosi – madaniyat. Mustaqil O’zbekiston davlatining madaniy siyosati quyidagi prinsiplarga qurilishi maqsadga muvofiqdir: madaniyatda ijod va ishlab chiqarish erkinligi ta’minlanadi; ma’naviy boyliklarni yaratish, ulardan foydalanish va tarqatishda barcha fuqarolar imkon va huquqlarining tengligi kafolatlanadi; milliy va dunyoviy madaniyatning nodir boyliklaridan bahramand bo’lish va madaniy hayot kechirishini ta’min etuvchi ta’lim tizimi rivojlantiriladi; madaniyat sohasidagi yakka hokimlika yo’l qo’yilmaydi; mablag’ bilan ta’minlashda davlat byudjeti, tijorat va xayr-ehsonga tayaniladi; madaniyat sohasidagi xalqaro huquqiy aktlarning ustivorligiga erishiladi. Mustaqil O’zbekiston davlati o’z madaniy siyosatini o’zi belgilaydi, madaniyatning huquqiy boshqaruvini ta’minaydi, xalqning milliy-madaniy boyliklarini asraydi va ko’paytiradi, ularning noqonuniy olib ketilishi yoki sotilishiga yo’l qo’ymaydi, har qanday noqonuniy “egalari”dan qaytarib olishni talab qiladi, ijodkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi. Umid qilamizki, mustaqil O’zbekiston davlati SSSR davridagi ma’muriy zo’ravonlikdan voz kechadi, ijod erkiga tajovuz qilmaydi, yakkahokimlikka yo’l qo’ymaydi. Albatta, tushunaman, davlat madaniy faoliyatga aralashadigan nuqtalar bor, biroq ular qat’iy belgilab qo’yilishi kerak. Meningcha, mustaqil O’zbekiston davlatining madaniy faoliyatga aralashuvi urush, zo’ravonlik va shafqatsizlikning, milliy, irqiy va diniy adovatning targ’ib etilishini hamda behayo asarlarning tarqatilishini man etish bilangina chegaralanishi kerak. Ijodiy jarayonga bevosita aralashishga, shuningdek, ijod erkinligini chegaralashning boshqa shakllariga yo’l qo’yilmaydi. Albatta, qonunni amalga oshiruvchilar hadlaridan oshishlari mumkin. Deylik, millatchilik va millatparvarlikning chegarasi shartlidir. Aynan bir asar uchun yozuvchi “millatchi” atalib qoralanishi yoki “millatparvar” atalib oqlanishi mumkin,. Yoki behayo deyiladigan asarda qahramon qay darajada yalang’och bo’lishi kerak, buning behayolik “daraja”sini kim aniqlaydi? Ma’muriy aralashuvga yo’l qo’ymaslik uchun ijodkorda uning huquqi cheklangan har bir holda sudda himoyalanish huquqi bo’lishi kerak. Madaniyat sohasidagi har qanday cheklash faqat qonun bilan belgilanishi lozim.
Qonunni fuqarolarning madaniy sohadagi huquqlari bobidan – o’ziga xos insonning madaniyat huquqlari deklaratsiyasidan boshlasak, to’g’ri bo’ladi. Uning asosiga ijod erkinligi, ijodni kasb qilib olish va uning mevasini erkin tarqatish huquqi yotishi lozim. Fuqarolarning huquqlari ularning ma’naviy boyliklardan bahramand bo’lishi, milliy va diniy o’zligini asrashi, ta’lim olishi, uyushmalarga birlashuvi va madaniyat korxonalarini tashkil etishini kafolatlashi shart. Deylik, yozuvchilar bitta uyushmaga emas, o’z uslubi, yo’nalishi, axloqiy prinsiplari bo’yicha bir necha uyushmalarga bo’linishi, o’zaro musobaqaga kirishishi mumkin. Men Olmoniyada Xenrix Manni havasmandlari klubida bo’ldim. Klubning o’z Prezidenti, a’zolari, hatto tamaddi qiladigan qahvaxonasi bor. Nega bizda choyxonasi bor Navoiyshunoslar, Cho’lponsevarlar, yoki Maqomsevarlar uyushmasi bo’lmasligi kerak. Har bir ijodkor huquqiy shaxs deb tan olinishi, himoyalanishi masadga muvofiq emas deb ro’yxatga olmaslikka yo’l qo’yilmasin. Ro’yxatga olmaslik uchun faqat qonuniy asos bo’lishi shart, ijodkorlarda esa o’z huquqini sud orqali himoya etish huquqi saqlanishi lozim.
Va nihoyat, madaniy qimmatlar va milliy madaniy boylik maqomi belgilanishi, ro’yxatga olinishi kerak, qo’riqlanishi, olib chiqib ketilishi, qaytarib keltirilishi va mulkiy egalik shartlari qonunda qat’iy belgilanishi shartdir.
Taassuflar bo’lsinkim, madaniyatni mablag’ bilan ta’minlash shu paytgacha davlat e’tiborining bir chetida bo’lib keldi. Lekin boshqa bir fikr tashvishlantiradi. Madaniyat arboblari har ikki gapning birida davlat rahbaridan “madaniyatga g’amxo’rlik qilish”ni, “ko’proq mablag’ ajratish”ni so’rab kelmoqdalar. Ularning fikri quyidagi yo’nalishda ishlaydi: “rahbar xohlasa yordam berishi mumkin. Xo’sh, mumkin ekan, yordam berishi shart. Demak, uni ishontirish kerak!” Ha, agar madaniyat qashshoq bo’lsa, unga yordam berish kerak, lekin, o’ylab ko’raylik, davlat madaniyatni qanchalik ko’p pul bilan ta’minlasa, madaniyat shunchalik davlatga qaram bo’lib qolaveradi, pul to’lagan davlat madaniyatni o’z yo’rig’iga yurgizadi.
“Mamlakatda madaniyatga davlat byudjetidan 1.2 foiz ajratilishi – sharmandalik!” – deyishadi bizning arboblar. Shubhasiz: sharmandalik. Ammo deylik, Italiyada madaniyatga bor-yo’g’i 0.6 foiz ajratiladi, lekin u yerda madaniyat yuqori darajadadir. Buning sirini ochishga harakat qilaylik.
Xo’sh, “davlatning sharmandaligi”ni ko’rsatuvchi 1.2 foizning o’zi qayerdan olinadi? Uning 5.5 foizi kasaba uyushmalari, jamoa va sho’ro xo’jaliklari, korxonalarning mustaqil xarajatlaridir. Aslida davlat ularni “ajratmaydi”, bor-yo’g’i “hisobga oladi”, xolos. Keyin: “madaniyatga ajratilgan byudjet”ning 6 foizi siz va bizning pulimiz – kino, muzey, konsert, teatrga tushib, to’lagan pulimizdir, ya’ni bu pullarni ham madaniyatning o’zi o’z “byudjeti” uchun ishlab topgan. Buning yoniga “madaniyat sohasi”ning bilvosita xarajatlarini (madaniyat korxonalari va tashkilotlarining daromad solig’iga to’lagan mablag’i, soha xodimlarining maoshidan olinadigan soliqlar va hokazo) qo’shsak, ko’rinib turibdiki, madaniyatimiz unchalik “tekinxo’r” soha emas, 88-87 foizga o’zini-o’zi ta’minlamoqda. Demak, “madaniyat byudjeti”ning o’ndan birinigina davlat bermoqda, xolos, demak, madaniyatga uning o’z pulini “ajratib”, davlat shunga qaramay uning ustidan xo’jayinlik qilib kelmoqda.
Mening nazarimda, tamomila yangicha madaniy siyosat zarur. Davlat madaniyatni aldamasdan mablag’ bilan ta’minlash bilan birga boshqa manbalarning yuzaga kelishiga sharoit yaratishi lozim. Davlat byudjetidan ma’lum foiz qat’iy belgilab qo’yilsin, toki hech bir rahbar shundan past belgilay olmasin. Madaniyat o’choqlari, soha korxonalarining mablag’i o’zida qolsin, davlat, jamoa xo’jaliklari, korxonalarning madaniyatga ajratgan mablag’lari soliqdan ozod qilinsin. Xayr-ehson tadbirlari, yutuqlari, tijorat o’yinlaridan tushgan mablag’lar madaniyat hisobiga berilsin. Tijoratga aloqasi bo’lmagan yangi madaniy tashkilotlar besh yil davomida soliqdan ozod qilinsin. Bu qonunshunoslarimiz qilishi mumkin bo’lgan, davlatimizning qo’lidan keladigan ishlar.
Ammo bu harakatlarning barchasi umumxalq birdamligisiz zoye ketadi. Hammamiz birgalashib, yurtning kelajagi bo’lmish – madaniyatni tiklaylik. Madaniyatni hammomu kutubxona, teatru klub ma’nosida tor tushunish xatodir. Yurtimizda qadimda rivojlangan madaniy institutlar sistemasi – masjid va madrasalar, Beruniy va Forobiyni, Xorazmiy va Ibn Sinoni ulg’aytirgan bilimgohlar bo’lgan. Abduqahhor Ibrohimov ma’lumotlariga qaraganda, birgina Toshkentda 1911-yilda 26 madrasa bo’lgan. Ulardan 23 tasi 30-yillarda va undan keyin buzib tashlangan.
Men Moskva dorulfununida tahsil oldim. Biroq Toshkent yoki Samarqand dorulfununining talabasi ham men bilan bir xil o’quv dasturiga ega. Axir, Sharqdagi dorulfununning o’zligi qayda? Endi biz jumhuriyat dorulfununining tarix kulliyotida Amir Temur “Tuzuklari”ni, Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sini, Vamberi va Klavixo sayohatnomalarini o’qitaylik, huquqshunoslik fakulteti dasturiga Islomning shariati, Burhoniddin Marg’iloniyning “Hidoya” kitobini kirgizaylik, filologiya fakultetida usmonli turk tilini o’rgataylik, Yassaviy, So’fi Olloyor, Rabg’uziy hazratlaridan ta’lim beraylik, falsafa fakultetida tolib va talabalar G’azzoliy, Naqshbandiy, Rumiy, Bedilning falsafiy qarashlarini o’rgansinlar. Shunda biz ta’limning Sharq maktabiga ega bo’lamiz.
Jamiyat madaniyatni qutqarmasa, o’zini ham qutqarolmaydi, chunki ko’pchilik madaniyatsiz bo’lgan yerda siyosat yo zo’ravonlikka yo beboshlikka yuz tutadi.
“O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1991-yil, 11-oktabr sonidan olindi.
————————————–
Karim Bahriyev O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi sobiq deputati, huquqshunos va jurnalist. Jurnalistika, so’z erkinligi hamda huquqiy mavzulardagi ko’plab ilmiy risolalar va maqolalar muallifi. Yuqoridagi maqola yozilgan davrda muallif Oliy Kengash deputati bo’lgan.