ALHAMDULILLOH RABBIL OLAMIYN. Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokot.
Aziz vatandoshlarim. Sizlarga, sizlarning farzandingiz Boymirza Hayit murojaat qilmoqdadir. Aziz vatandoshlarim, 52 yil vatandan judolikda, Vatandan tashqari uzoq mamlakatlarda yashadim, millatim deya tushundim, butun borlig’imni, g’oyamni, vujudimni va fikr-hayotimni millatimizning taqdiri, o’tgan kunlari va kelajakdagi istiqboli deb, faoliyatlarda bo’lindim. Tabiiy, muhojirlikning achchiq-chuchuk shartlari, Vatansizlik, boshqa millatlar orasinda yashashlik, qiyin bir holda faoliyatlarda bo’linmoq tabiati ila oson bo’lmagan bir masala edi. Alhamdulillo, Vatan deb, millat deb, ya’ni uning ozodligini talab etib, uzoq yillar harakatda… Qo’lda qalam bilan maydonda bo’lib kelindi. Vatanimning bir farzandi sifatida ko’p-ko’p haqoratlarni men Sovetlar Ittifoqining matbuotlaridan va Turkistonimizdagi matbuotlardan, ayniqsa, sovet kommunist matbuotlaridan, yozuvlaridan, kitob va risola hamda maqolalaridan ko’rgan bo’ldim. Fikrlarimga qarshi yoki mening shaxsimga qarshi 436dan ortiq kitoblar, risolalar, maqolalar yozildi va buningda barobar televideniye va radiolarda, qurultoylarda, mening fikrimga qarshi, ayniqsa shaxsimga qarshi hujumlar, tuhmatlar, ig’volar yuritildi.
Meni qotil dedilar, sudga berilishimni iltimos qilishdi, ammo sudga berolmadilar. Fashist dedilar, fashistligimni isbot etolmadilar, vatan xoini dedilar, meni vatan xoini bo’lolganimni isbot etolmadilar. Lenin milliy siyosatini soxtalovchi, dedilar, ammo Lenin milliy siyosatining soxtakorligini Moskva yoki Turkistondagi sovet arzandalari endi o’z ko’zlari bilan ko’rib turibdilarki, endi Lenin milliy siyosati soxtakorlik siyosati ekan. Burjua millatchisi dedilar, tabiiy, men millatchi bo’lib, o’z millatimni boshqa millatlar ustidan yuqori ko’tarish uchun emas, o’z millatimizning o’z holinda mustaqil yashashi, erkin nafas olishi, baxtli va saodatli yashashi, o’zimizni o’zimiz tarafimizdan idora etilishi talablarida bo’ldim. Bu tabiiydir, millatimni sevish alomatidir, buni bir millatning boshqa millat ustidan hokimligini ta’min etadigan fikr sifatida ko’rib bo’lmaydi va buningda, bunday so’zlar asosidan tuzilgan ig’volarni ham hazm qildik. Alloh bugun bizning haqli bo’lganimizni, sovet rejimi va uning turkistonlik xizmatchilari bu sohada buyuk bir tarixiy yolg’on qilganliklarini bugun o’z ko’zimiz bilan ko’rib turibmiz. Allohning rahmi ila eski sovet sotsialist respublikalari birligi, degan bir imperatorlikning cho’kishi, 16 millionga yaqin a’zosi bo’lgan, hammani titratgan, hammani qo’rqitgan zulmning hukmronlari bugun o’rtada yo’qdirlar…
Alhamdulillo, biz endi kommunizm idealogiyasining hokimiyatidan qutila bildik. Ammo biz kommunizm ruhini tashigan, eski vaqtda bu ruhdan tarbiyalangan odamlarning hokimiyatidan qutila bildikmi, men buni bilmayman, buni sizlar bilasizlar. Biz kommunizmdan ayrilgan, o’zlarini milliy rahbar deb atagan vatandoshlarimiz faqat ustidagi kiyimlarini o’zgartirdilarmi, buni ham men bilmayman. Ammo, millat bunday odamlarning o’z millatiga xizmat etishiga sekin-sekin da’vat etadi, agar da’vatni samimiy qabul etmasa, hattoki, demokratik huquqlar bilan, janjal-g’avg’olar, ur-yiqitlar bilan emas, o’zining talablarini, qonuniy talablarini va tabiiy aqlni himoya qilib bugungi rahbarlardan mas’uliyat talab qilishi mumkindir. Bizning xalq ko’p qiyinchiliklarni ko’rdi, zulmning ne bo’lganligini ko’rdi, mazlum bo’lish oson, ammo mazlumlikdan qutulish qiyin ekanligini ham ko’rdi.
Ma’lumingizdirki, Turkiston istilosi 182 yil davom qildi. 182 yildan beri Turkiston bilan Rusiya o’rtasida urush, g’avg’o, o’lish, o’ldirish davom qildi. Mag’lub bo’ldik, mag’lub bo’ldik, hokim bo’ldilar. Og’iz ocholmaydigan darajaga keldik. Hokim davlat, mustamlakachi hokimlar mustamlaka bo’lgan bizlardan o’zining tarjimonlarini, hamtovoqlarini, haybarakallachilarni topa bilgan edi. Unutmaylikki, bizning boshimizga keltirilgan falokatlar faqat Moskva rejimining, sovet rejimining yoki sovet regionida yashagan ruslarning yagona qo’li bilan emas, balki ularga homiy bo’lgan o’z vatandoshlarimizning jirkanch qo’llari va jirkanch qalblari bilan idora etilgan edi. Buni shuning uchun ham unutmaslik kerakki, biz bugun istiqlolga erishgan bo’lsak, istiqlolning qonuni asosida ko’rinishiga erishgan bo’lsak, avvalam, Allohning rahmati, qolaversa, xalqimning asrlar bo’yi to’kkan qonining yoki qonlarining bugungi natijasidir. Unutmaslik kerakki, chor Rusiyasi davrinda, ya’ni Turkiston chor Rusiyasi hokimiyatligi ostiga kirgandan keyin 4600 dan ko’proq isyon ko’tarildi. 1919-yilgi isyonni ham unutmang. 1916-yilgi qo’z’g’olon u zamonda Peterburgda Rusiyaga qarshi ochilgan 2-front deb hisoblanardi. Buni ham unutmangiz. 1918-yildan 1934-yilgacha davom qilgan 16 yilgi mujodala, buni sovet ruslari bosqinchilik dedilar, – u haqiqiy milliy ozodlik kurashi bo’lib, tariximiz, qonli tariximizning buyuk bir fojiali ko’rinishidir. Biz bosmachilik dediklarini tuhmat deb bilamiz. Milliy hurriyat, islomobod bo’lsin, Turkiston turkistonliklarniki bo’lsin, Turkistonda mustaqil davlat bo’lsin… deya o’rtaga chiqqan bizning fidokor, qahramon odamlarimiz jabhalarda qarshi kurashib, milliy haqlarini qurol bilan talab qilgan vaqtlarida 2 milliondan oshiqroq kishimiz shahid bo’ldilar. Shahidlarimizning ruhlari shod bo’lsin, yo Olloh! Nima uchun bu qadar ko’p qon to’kildi, ya’ni bu aldamchi, yolg’onchi bolshevizm millatlarga haq-huquq bermaganligining oqibati bo’ldi. “Bosmachilar” deb atalgan buyuk milliy mujodalaga qarshi kurashda turkistonlilar emas, sovet rus o’rdusining 140 va 160 ming qurolli, zambarakli va quvvatli qurollarga ega bo’lgan askarlari kurashdilar. Biz yana ishg’ol etildik, ikkinchi marta ishg’ol etildik, ammo millat o’laroq taslim bo’lmadik va taslim bo’lish niyatida ham emasmiz. Bizning boshimizga tushgan ko’p-ko’p qiyinchiliklardan birisi – xalq bilan hokimiyat orasindagi aloqasizlik bo’ldi. Xalq sovet kommunizm rejimining qurboni bo’ldi. Xalqdan so’rab kelingan bir ish yo’qdir. Tayin etiladigan amallarga funksionerlarni – partiya odamlarini va davlat odamlarini tayin etib, xalqdan so’ramasdan xalqni idora eta boshladilar, ya’ni shoirimiz, shahid shoirimiz Elbekning dedigidek, yirtqichlar majlisinda arslon bo’rini, maymunlarni, qo’ylarni va tulkini majlisga da’vat etib, qo’ylarni idora etish uchun kim kerak deganda, tulki chiqib: “qo’ylarni idora etadigan yagona quvvat bo’rilardir”, debdi. Arslon: “Ha, bunday bo’lsa qo’ylarni bo’rilar idora etsin”, debdi. Bizning ham shaklimiz bu bo’ldi. Biz kabi odamlar qo’ylar deb hisoblandi. Tulkining tavsiyasi bilan bo’rilar bizga hokim bo’ldi. Bizning yashashimizni tabiiy holda ko’rmasdan yirtqich bo’rilar hayotimizni to’nkara boshladi, buning oqibatini o’zingizlar ko’p ko’rdingizlar. Olloh bundan keyin buday jazolarni, bunday dahshatni, bunday pastkashlik zulmini boshimizga keltirmasin. Xalq bilan hisoblashish eng muhim masaladir, xalq bilan hisoblashish va xalqqa hisob bermoq demokratikligimiz, sistemning, ya’ni davlatni idora etmoq sistemining asosiy qonunidir. Agar xalqning roziligini olmasdan, xalqning ovozini olmasdan qilingan bir ish bo’lsa, bu xalqqa xizmat, demokratik yo’l bilan xalqqa xizmat emas, balki bir to’da insonlarning birlashgan yangi diktaturasi bo’lib o’rtaga chiqaveradi. Bu sababdan kelajakda xalq masalasiga ko’p diqqat qilishimiz kerak bo’ladi. Istiqlol degan bilan hali og’zimiz shirin bo’lmadi. Ammo istiqlolimiz e’lon qilinganidan keyin uning naqadar totli ekanligini his etmoqdamiz. Olloh istiqlol qonunini muborak etsin. Bizlarni o’z mamlakatimizning, o’z millatimizning taqdiri, kelajagi va uning taraqqiyoti, baxt-saodati uchun ishlashga ilhom va majburiyatlar yuklasin.
Ko’p vaqt yo’llarda yoki boshqa joylarda bo’lgan vaqtimda yoki bo’lmasa tushkunlik kunlarimda har doim Cho’lponi eslab keldim. Bizning shahid, mujohid va ko’p jozibali shoirimiz Cho’lpon o’zining “Xalq” degan she’rida:
“Xalq dengizdir, xalq to’lqindir, xalq kuchdir,
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o’chdir…
Xalq qo’zg’alsa, kuch yo’qdirkim, to’xtatsin,
Quvvat yo’qkim, xalq istagin yo’q etsin.
Bir qo’zg’alur, bir ko’pirar, bir qaynar,
Bir intilur, bir hovliqar, bir o’ynar.
Yo’qlikni-da, ochlikni-da yo’q etar,
O’z yurtini har narsaga to’q etar.
Butun kuchni xalq ichindan olaylik
Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!”
Budir bizning asosiy g’oyamiz: xalqdan xalqqa, xalq ishidan xalqimizning hayoti va baxt-saodatiga borishimiz kerak bo’ladi. Tabiiy, bizning boshimizdan kechirilgan mazlum hayotlarning sabablari o’zimizda biroz bor. Har vaqt tashqari quvvat – dushman bizga zarar keltirdi deyishimiz mumkin, keltirdi, ammo bu keltirishning sabablarini anglab bilishimiz kerak. Mashhur shoir, adib, dramaturg, siyosatchi, professor Abdurauf Fitrat o’zining “Temur sag’anasi” deb atalgan sahna asarida deydi: “U Temurning so’zi so’zidi. Amir Temurni so’zga chiqarib, Amir Temurning shiddatli bir ovozi bilan millatga xitobni axtaradi. Ko’ring – Amir Temur nima deydi. “Men sizlarga ko’p narsalarni qoldirdim. Ne bo’ldiki, bu zamonlarning sharafli va jasur millatining zulmi ostida qolmish. Kimlar bog’larimning qushlarini quvmoqda. Otalar merosidan nima qildingizlar. Sizlardan talab eteyurum, qalqingiz, sizlarga amr qilaman, qalqingiz! O’lkamizni tuzatingiz. Avlodlarimni hur yashashini ta’min etingiz. Agar bunday qilmasangizlar, o’lka, ya’ni mamlakat buyuk bir mozorlik holiga kelajakdir”.
Tabiiy, bunday mozorlikni qilishda o’zimizning ham aybimiz kam emas. Oramizdan chiqqan xoinlarning roli ham kam emas. Ammo bular o’tishga kerak, o’tish ham kerak. Ammo xoinlarimizning millatimiz boshiga keltirgan fojialarini ham unutmasligimiz kerak. Yoshlarimizga bo’lgan, o’tgan hodisalarimizni, sharafli o’tmishimizni yoki oramizdan chiqqan ba’zi bir sharafsiz hollarni haqiqatlar bilan, yashirmasdan to’g’ri holda o’rgatishimiz kerak. Haqiqatdan qo’rqsak, Allohdan ham qo’rqmagan bo’lamiz. Chunki Alloh har doim haqsevarlar, haq istaganlarning orzu-havaslari va niyatlarining ijrosi uchun yordamchi bo’lgandir. Ammo biz ko’p vaqt aldandik, millatimizni aldadilar, aldatdilar. Buning uchun ham mashhur shoir, adib va dramaturg Abdurauf Fitrat yozadiki: “Biz musulmonlar, yolg’iz aldanmoq uchun dunyoga keldikmi. Boyimiz, ishchimiz, xo’jamiz, talabamiz, adibimiz, falsafachimiz, buyukimiz, kichigimiz Ovro’poning gazetasiga, kitobiga, so’ziga, ishiga, qonuniga, nizomiga, oltiniga va qiziga aldanishdan boshqa narsani bilmadilar”.
Buni ham unutmasligimiz kerakdur. Kelajakda biz xalqimizning istiqbolini ta’min etish masalasida ko’p o’ylab, tushunib, keng usulda xalqimizga xizmat qilaman, deb harakatda bo’lishimiz kerakdur, shartdur. Agar bunday qilmasak, istiqlolimizni e’lon qilib o’tirmasdan, yana bizga hokimlar o’z istaganlarini yuritaversinlar, biz ularga qul bo’lib xizmat qilaveramiz, degan ma’no ham kelib chiqishi mumkin. Bundan qutilish uchun, tabiiydirki, o’z istiqlolimizning mevasini ko’rishga harakat qilishimiz kerak bo’ladi. Alloh millatimizni, shu ,jumladan, sizlarni va bizlarni o’z panohida saqlasin. Chet mamlakatlarda bo’lgan besh millionga yaqin musulmon, turkistonlik muhojirlar Vatandan yiroqda yashamoqdalar. Ular ertalabdan kechgacha duolar bilan, harakatlar bilan, umidlar bilan mamlakatimizni ozodligini, mamlakatimizdagi xalqni hurlikda yashashini Allohdan orzu-havas etmoqdalar. Alloh bularni ham ulushsiz qoldirmas. Biz qo’limizdan kelgani qadar Vatanning xizmatida bo’lib keldik, bundan keyin ham Vatan yo’lida xizmat qilishga hozirmiz. Ammo soxtakorlarga xizmat qilish tarafdori emasmiz. Biz xolis, demokratik ravishda saylangan hukumat va demokratik qonunga asoslangan inson haqlariga itoat etgan va qurgan, millatimizni hurmat etgan rahbarlarni istaymiz. Biz vatan tashqarisida qoldik, ammo har kuni, har soat qalbimiz Vatan bilan bo’lib keldi. Biz Vatanning birinchi ozod bo’lgan insonlari deb his etamiz o’zimizni. Bu esa ko’p qiyin masaladir. Biz, avval, ozod bo’ldik, avval, ozod bo’lishganda majbur bo’ldik. Kommunizmning eng jirkanch xuruji bo’lgan stalinizm davrining qurbonlari bo’ldik. Qaysi qush o’zining qimmatli bo’lgan gulidan ayrilmoqni istaydi. Bizni vatandan ketishga majbur qilishdi. Bizni xoinlar dedilar. Bizni mullayu feodallar dedilar, aksilinqilobchi dedilar, o’g’rilar dedilar. Chet mamlakatlardagi imperialistlarning qullari, xizmatkorlari degan ig’volar bilan ko’rsatdilar, ammo aslida biz unday emas edik. Buni inshaoolloh, kelajakda tarix sizlarga yana ko’proq o’rgata biladi. Allohdan sizlarga baxt-saodatlar, milliy istiqlol yo’lida muvaffaqiyatlar tilayman. Har vaqt qalbim har yerda sizlar bilan birga, baxt-saodatingizga ega bo’linglar, bu baxt-saodat millatimizning baxt-saodatidir. Ayni zamonda bu mening ham baxt-saodatimdir. Millatimiz o’lmasa, har birimizning bu jamiyat ishida, bu millat ishida o’ynagan rolimiz bordir.
Bizning borlig’imiz, sho’bamiz bo’lsin, ishchimiz bo’lsin, hammolimiz bo’lsin, hammasi biznikidir. Tabiati buzuq insonlarimiz ham bordir, ammo tabiati, fe’li-xo’ylari yomon deb ularni ko’chaga tashlash kerak emas. Ularni jamiyatimiz ichiga olishimiz kerak. Insof, axloq, millat ila barobar yashamoqni o’rgatishimiz kerak. Bizning mamlakatimizda mehmon bo’lib, yashashga majbur bo’lganlarni, milliy ozchilikdagi guruhlarning hayotini ta’min etishimiz kerak. Ularni sihat-salomatliklari va rohatda yashashlariga yordam berishimiz kerak. Ayni zamonda shuni ham qilib keldik. Bizga kelgan, ozchilikda bo’lgan milliy guruhlar o’z millatimiz bo’lgan turk, ya’ni mahalliy xalqqa qaraganda ba’zilari hattoki, yaxshi ishlagan bo’lishi ham mumkin. Ammo bu demak, emaski biz kelajakda ularga qarshi bir narsa chiqaramiz. Yo’q, ig’volarga yo’l bermasligimiz kerak. Biz tariximizda adolatli insonlar bo’lib kelganmiz. Qarshimizda birisi nonsiz bo’lsa, non berib kelganmiz, suvi qolmaganlarga suv yetkazib bergan odamlarmiz. Buning uchun bizga qarshi qilingan ig’volardan mumkin qadar qutulishimiz kerak.
Muhim masala – xalqimizning iqtisodiy hayotini yaxshilamoqdir. Bizning holimizda yashagan dunyoda bunday bir millat yo’q.
Kechagi kun haqida aytsak, 9 million insonning bir oyda topgan puli 10 kunga yetmasa, paxta maydonlaridagi kasalliklar natijasida, kimyoviy moddalardan zaharlanish natijasida 3 yarim milliondan ortiq odam sariq kasal bilan kasal bo’lsa. Har yili O’zbekistonda 284 ming bola bir yoshga kirmasdan o’lsa, ikki yil ichida 753 ta xotin-qizlarimiz o’z-o’ziga o’t qo’ygan bo’lsa, bunday hodisalarni hozirga qadar na islom dunyosi, na xristian dunyosi ko’rmagan. Bugungi Turkistondagi boshimizga tushgan falokatlarni ko’ring. Semipalatinskda ochiq havoda tashkil qilingan 140 nafar sinalgan atom bombalarining ta’sirini ko’ring. Sonsiz o’lgan insonlar, hayvonlar, zaharlangan insonlar, kasal bo’lib ko’chada ingrab yotgan odamlarni ko’ring.
1930-yilda Xidir Aliyev degani kabi: “Paxta qizil imperializm davrida kafan bo’ldi, kafan”. Buni unutmasligimiz kerak. Paxtadan voz kechmaymiz. Ammo paxta bizni ezmasligi kerak. Biz paxtani idora qilishimiz kerak. Ammo paxta bizni qul qila olmaydi. Bunga hech kimning haqi yo’qdir. Ba’zilar, avval, biz iqtisodiy jihatdan taraqqiy etaylik, mustaqil bo’laylik, keyin siyosiy jihatdan mustaqil bo’lib ketamiz degan xayollardalar. Men bu fikrda emasman. Agar siyosiy jihatdan mustaqil bo’lmasangiz, ya’ni, o’zingizni o’zingiz idora etmasangiz, o’zingizning hududingiz bo’lmasa, sizga butun qalbi, vijdoni, imoni-la borlig’ini xizmat qildirgan davlat muassasasi bo’lmasa, bunday holda men iqtisodiy taraqqiyotda bo’laman, undan keyin men mustaqil davlat siyosatida yuraman, deyish xatodir va bunday qiladiganlarning tashviqotlari bo’lsa, menimcha, bularda bir xoinlik izi bor. Mumkin qadar siyosiy mustaqillikni, avval, o’rtaga qo’yishimiz kerak. Siyosiy mustaqillik esa o’zining butun borlig’i ila iqtisodiy mustaqilligimizni ta’min eta bilajakdir. Ruslarga munosabat masalasi bu hayotimizning muhim masalasidir. Chor Rusiyasi bo’lsin, kommunizm bo’lsin, rus xalqining ismidan harakat etdi. Bu haqiqatdir. Ammo buning uchun rus millati aybdor bo’lolmaydi. Faqat rus millati ichidan chiqqan ba’zi bir odamlarning yomon tabiati bordir. Bular hurriyatchilik, ya’ni ozodlik tuyg’ularini bilmaydi. Ezilgan bir mujikdan bir boshliq chiqarib qo’ysangiz, eski mujikni ezib boraveradi. Bu esa ruslardagi siyosiy xarakterning bir ko’rinishidir. Alhamdulillo, bundan qutila boshladik, ya’ni yangidan tuzoqlarga tushib qolmasligimiz kerak.
Eng yaxshisi, ruslarning hokimiyati ostida emas, ruslar bilan yonma-yon, do’stona, bir-birimizga yordam holda yashashga o’rganishimiz kerak. Buni eng avval, ruslarning, o’zlari o’rganishlari kerak. Bizlarning o’rganishimiz osondir. Biz kekchi, o’ch oluvchi odamlar emasmiz. Bizning tabiatimizda, dinimizda, xulqimizda, an’anamizda bunday narsa yo’qdir. Faqat aytmoq kerakki, bizga qarshi qilingan suiiste’molni bundan keyin biz hazm eta bilmaymiz. Alloh sizlarga yordamchi bo’lsin!
Sizlarga baxt-saodat, millatimizning istiqboli uchun eng yaxshi niyatli faoliyatlar, salomatliklar tilab qolaman. Sizning kabi har yerda, har zamon qalbim sizlar bilan birgadir. Biz turkistonlik mujohidlar va muhojirlar qo’limizdan kelgani qadar Vatan uchun xizmatga hozirmiz.
Vatanimizga ozodlik talab etdik, o’ldik, o’ldirdilar, ammo yana millatim yashamoqdadir. Sog’ bo’l, Millatim!
Millatimga xizmat qilgan qadrli millatdoshlarim sog’ bo’lsinlar. Alloh hammamizni har joyda himoya etsin! Omin.
So’zlarimni tinglaganingiz uchun ming marta rahmat. Meni so’rasangiz, men falsafa fanlari doktori Boymirza yorqo’rg’onlik Hayitmirzaning o’g’li, Turkiston tadqiqotlari institutining mudiri, Baynalmilal Turkiston jamiyatining faxriy raisiman. Butun muhojirlarimiz otindan sizlarga qalbiy salomlar, hurmatlar bildiraman, onalarimizning qo’llaridan, ukalarimizning ko’zlaridan, safdoshlarimizni yurakdan quchoqlab, xayr. Alloh salomatlik-la ko’rishishga nasib etsin, deb umidlarda qolgan vatanimizning bir farzandi sifatida bu so’zlarni aytishga, bildirishga, jur’at qila bildim. Xatoyim bo’lsa, Alloh kechirsin va sizlar kechiringlar. Bu suhbatni o’g’lim Bekmirzani 51 yildan keyin ilk daf’a qayta ko’rganligim uchun, buning xursandligi, buning nash’asi, buning sevgisi, buning fojiasi, buning hayajoni bilan so’zladim.
Endi emdiyligim keldi, agar xato so’zlagan bo’lsam, qo’pol so’zlagan bo’lsam, ishonamanki, mening aziz millatim kechiradi. Alloh kechirguchidir. Uning-da barobar Alloh bizning hammamizga insof, barobarlikda ishlamoq, barobarlikda tushunmoq va millatimizning kelajagini o’ylamoq tuyg’usini, irodasini, quvvatini bersin, omin!
Unolg’i tasmasidan oqqa ko’chirib nashrga tayyorlovchi
Dadaxon HASAN
“O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1992-yil, 3-yanvar sonidan olindi.