23:06 Bugun tong sahar ikkiyu o’ttizlarda Chandigarh safaridan Dehliga qaytdik. So’nggi uch kun mobaynida men, Muzaffar aka va Ildus Chandigarhda turk birodarimiz Bahri abining uyida mehmon bo’ldik.
Muzaffar aka bilan (Sirhind yo’lida)
Chandigar Hindistonning Haryana va Panjob shtatlari poytaxti. 1947-yil Hindiston va Pokiston alohida davlat bo’lib ajralgach, Panjob poytaxti Lahor Pokiston davlati tarkibiga o’tib ketadi. Poytaxtsiz qolgan Hindiston tarkibidagi Panjob uchun yangi shahar qurilishi boshlanadi. Shu tariqa Chandigarh shahri vujudga keladi. Ma’lumotlarga ko’ra, Chandigarh Hindistonda reja bo’yichi qurilgan ilk shahardir. To’la ishlangan loyihaga ko’ra, Chandigarhning bunyod etilishi 1952-yili Javaharlal Nehru davrida boshlangan. Darhaqiqat, Chandigarh chiroyli shahar, menga yoqdi. Avvalo, e’tiborimni tortgan narsa Dehlida topish mumkin bo’lmagan muhit bo’ldi: tinch, toza, daraxtlar ko’p, binolar, ko’chalar bir tekis, ravon qurilgan, ko’chalarda husnni buzib turuvchi kambag’allarning vayrona kulbalari yo’q. Har bir uy alohida dizayn bilan o’ziga xos uslubda qurilgan.
Safarimiz chiroyli o’tdi. 3-oktabr kuni kech soat to’qqizlarda Dehlidan yo’lga chiqib, ertasi soat sahar ikkilarda Bahri akaning uyiga kirib bordik. Ertasi tushga yaqin Sirhind qishlog’iga jo’nadik. U yerda Mujaddidi Alfisoniy imom Rabboniy hazratlari yashaganlar. Hanuzgacha dargohlari u kishining avlodlari qaramog’ida ekan. U yerda o’tgan avliyoulloh va musulmonlar haqqiga Qur’on tilovat qildik. Imom Rabboniyning bugungi kunda hayot bo’lgan avlodlaridan Tohir ismli yigit bilan suhbatda bo’ldik. Istarasi issiq, yuzida nuri bor yaxshi yigit ekan.
Imom Rabboniy avlodi Tohir (o’rtada) bilan
Shu kuni kechqurun Bahri abining uyida iftorlik bo’ldi. Jammu va Kashmirlik Imron, uning ukasi va Abdulmatin ismli birodarlar ham mehmon bo’lib kelishdi. Yaxshi, samimiy musulmon yigitlar ekan. Ancha suhbatlashdik. Ertasi ularnikiga iftorlikka bordik.Shu kuni iftorlikdan so’ng biz avtostansiyaga borib, Dehli sari yo’lga chiqdik…
Bahri abi juda yaxshi inson ekan. Islom va ilm haqida ancha suhbatlashdik. Fikri, dunyoqarashi keng, Alloh uchun chin xizmatga bel bog’lagan musulmonlardan ekan. Alloh u kishidan rozi bo’lsin.
Bugun jumani o’qib, ofisga bordim. Web-saytni “update” qildim. Yo’qligimda hech kim yangiliklar kiritmabdi, bo’m-bo’sh turibdi.
2006-yil, 6-oktabr, Juma
