Boymirza HAYIT
Boymirza Hayitning ijodiy faoliyati bilan O’zbekiston yozuvchilarining X qurultoyidan keyingina tanisha boshladik. Bungacha uni xoin hisoblardik. Muhammad Solih aytmoqchi, “uning soyasiga nayza tiqib, mashq qilardik”. Holbuki, u butun umri davomida Turkistonning milliy mustaqilligini qayta tiklash uchun kurashdi. B.Hayitning “Turkiston Rusiya va Chin orasida”, “Turk dunyosida rus imperializmining izlari”, “Turkistonda o’ldirilgan turk shoirlari”, “Sovet Ittifoqida turklikning va Islomning ba’zi masalalari” singari o’nlab kitoblari jahon afkor ommasiga ma’lum. Yaqinda u “Turkistonda milliy ozodlik harakati” nomli katta monografiyasini yozib tugatdi. Boymirza Hayitning kitoblari va maqolalari nemis, fransuz, ingliz, arab, turk, urdu, fors tillarida qirqdan ortiq mamlakatlarda nashr etilgan, majmua, jurnal va gazetalarda e’lon bo’lgan. Hozir ham chop etilmoqda.
Quyida atoqli olim, tarix fanlari doktori B.Hayitning “Sovet Ittifoqida turklikning va Islomning ba’zi masalalari” (Istanbul, 1987) kitobidan olingan bir maqolasini o’quvchilar hukmiga havola etayotirmiz. Maqola AQSh, Angliya, Olmoniya, Indoneziya, Turkiya kabi yirik mamlakatlarda, shuningdek, arab yurtlarida o’nlab tillarda gazet, jurnallarda bosilgan. O’zbek tilida birinchi marta e’lon qilinmoqda. Undagi ba’zi atamalar, ayrim fikrlar biroz eskirdi. Chunonchi, “Sovet Ittifoqi” degan atamaning o’zi iste’moldan tushdi. Bir qator jumhuriyatlar o’z Davlat mustaqilligiga erishdilar. Ammo maqola hamon o’z qimmatini yo’qotgani yo’q.
Turklarning beshigi sifatida qabul qilingan Turkiston bu kun O’rta Osiyo va Qozog’iston deb yuritilmoqda va 4 million kvadrat kilometrli tuproqlari bilan Sovet Ittifoqi hududining 20 foizini tashkil etmoqda. 15 ittifoqdosh jumhuriyatdan 5 tasi (O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston) Turkistondir.
Turkiston, ma’lumki, dunyoning muhim sivilizatsiya markazlaridan hisoblanadi. Bu o’lka 1925-yildan beri Sovet terminologiyasida “O’rta Osiyo va Qozog’iston” bo’lib qoldi. Sovet idora organlari bu o’lkaning ismini rad etib, turkistonliklar orasida millatga mansublik ongini yo’qqa aylantirish niyatida zo’r berib “Turkiston” nomining qo’llanilishiga qarshilik qildilar. Odamni hayratlantiruvchi va yanglish bir shaklda, ba’zan g’arblik tadqiqotchilar ham 1950-yildan buyon sovet ta’biri bo’lgan “O’rta Osiyo”ni qo’llamoqdalar. Shu tariqa g’arb afkori umumiyasida va Islom olamida “Turkiston” kalimasining unutilishiga hissa qo’shib, sovet nuqtai nazariga xizmat qilmoqdalar. Turkiston butun O’rta Osiyoni yuzaga keltirmoqda, faqat O’rta Osiyo tuproqlari ichida bo’lmoqda. Dunyo qomuslarida (masalan: Amerika ensiklopediyasi, Britaniya ensiklopediyasi, Brokhaus ensiklopediyasi va boshqalarda) bu o’lka jo’g’rofiy jihatdan ochiq-oydin suratda “Turkiston” sifatida zikr etilmoqda.
AQSh Kongressining 1959-yil iyul oyida qabul qilingan “Asir Millatlar Haftasi” nomli qonunida ham ayon suratda “Turkiston” ismining qo’llanilishi diqqatni o’ziga tortadi. Shularga qaramay Radio Liberti (Ozodlik radiosi)ning rahbariyati 1978-yil kuzida o’z nashrlarida “Turkiston” o’rniga “O’rta Osiyo va Qozog’iston” ta’birini qo’llanish majburiyatini o’rtaga qo’ydi. Shunday qilib, juda katta obro’ga ega bo’lgan Amerika tashkiloti, AQSH Kongressida qabul qilingan qonunga zid ish qildi. Agar G’arbda, sovet terminologiyasida O’rta Osiyo (“Sentral Asia”) atamasi o’rniga “Turkiston”ni qo’llasaydik va o’zimizni sovet ta’siridan himoya qilib, bu o’lkaning milliy borligi va shaxsiyatini rad etmasaydik, foydaliroq va odilroq bo’lardik.
Bu kun Turkistonda yashayotgan 42 million insondan 32 milliondan ortig’ini turk va musulmon bo’lgan o’zbeklar, qozoqlar, qirg’izlar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, uyg’urlar, tatarlar, ozarbayjonlar va tojiklar tashkil qilmoqda. Bulardan qolgan xalq esa rus mustamlakachilari (idora personallari, askariy persoal) va bu mintaqaga joylashtirilgan ukrainlar, beloruslar, estonlar, litvaliklar, olmonlar va koreyslardir.
Umuman, ma’lumki, Turkistonning bu kungi tuproqlari 1715–1897-yillar orasida Rossiya tomonidan odim-odim ishg’ol etilgandir. Shunga qaramay, Buxoro va Xeva davlatlari Chor Rusiyasi zamonida ich ishlarida mustaqilliklarini saqlab qolgandilar. Faqat bu davlatlar ham 1920-yilda sovet tajovuzi oqibatida “Buxoro va Xeva sovet Xalq Jumhuriyatlari” o’laroq e’lon etildilar. Sovet hukumati bu ikki davlatning mustaqillik haqlarini muzokaralar chog’ida qabul etgan edi. Ammo 1924-yilda sovet hukumati bir urush operatsiyasi yo’li bilan bu ikki davlatning chegaralarida yoyilib va tahdid etib, davlat borliqlariga barham berib, amalda tuproqlarini ham o’ziga qaram qildi.
Sovet Ittifoqining idora kuchlari, Turkistonning dunyo siyosatidagi va strategik ahamiyatini xalqlardan yashirmoqdalar. Biz bu holni xususan quyidagi sohalarda ko’ryapmiz.
Turkiston Osiyo va Ovrupo orasida bog’lanish bunyod etgan ko’prikdir
Turkiston Tatar-Boshqirdiston, Sibiriya, Mo’g’uliston, Xitoy (Xitoy hokimiyatidagi Sharqiy Turkiston bilan), Hindiston, Pokiston, Eron va Kavkaziya bilan mushtarak chegaralari bo’lgan jo’g’rofiy bir makondir. Turkistonga qo’shni bo’lgan bu o’lkalarning kattaligi 33 million kvadrat kilometrga to’g’ri keladi. Bu o’lkalar Turkistonning 4 million kvadrat kilometrlik yuz o’lchovi bilan birgalikda juda katta jug’rofiy mintaqa ekanligi shak-shubhasizdir. Turkiston va unga qo’shni bo’lgan o’lkalar madaniy, iqtisodiy va diniy nuqtai nazardan bir-birlari bilan mustahkam bog’liqdirlar. Turkistondan Ovrupoga va O’rta Sharq o’lkalariga qulay va qisqa yo’llardan borish-bog’lanish mumkin. Masalan, Moskva Turkiston chegarasidan havo yo’li ila 1000 km, Krakov – Ukraina 770 km, Rostov – Don 711 km, Arzrum, – Turkiya 1010 km, Bag’dod – Iroq 1210 km, Tehron – Eron 640 km, Kobul – Afg’oniston 290 km uzoqlikdadir. Raqamlardan ham anglashiladiki, Turkistonning Ovrupo, O’rta Sharq va Ich Osiyo bilan bog’lanish imkonlari juda qulaydir. Bunday bir geopolitik mintaqa uzra joylashgan Turkiston Sovet Ittifoqiga har turli tashabbuslar imkonini bermoqda.
Turkiston Sovet Ittifoqining bebaho harbiy istehkomidir
Sovet Ittifoqi Turkistonda qo’shni o’lkalarga qarshi ikki harbiy okrugiga ega. Turkistondagi O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston Sovet Jumhuriyatlari orqali O’rta Sharq, Hindiston va Pokiston davlatlari va O’rta Osiyodagi Qozog’iston, Qirg’iziston Sovet jumhuriyatlari orqali Xitoy va Mo’g’uliston davlatlari kontrol qilib boriladi, kerak bo’lganda ijro etiladigan harbiy operatsiyalar shu ikki harbiy okrug tomonidan planlashtiriladi va amalga oshiriladi. Har ikki harbiy okrug ham eng zamonaviy qurollar bilan ta’minlangan bo’lib, sovet harbiy idorasi tomonidan ham hamlakorlik kuchi juda yuksak baholanmoqda. Bu ikki askariy qo’mondonlik ayni zamonda Sharqda ko’tarilishi mumkin bo’lgan masalalarga qarshi sovet askariy idorasining strategik va taktik jihatdan ilk planlashtirish markazlari bo’lib qabul qilinmoqda. Turkiston, O’rta Sharq, Ich Osiyo, Ovrupoga qarshi sovet planlari va amalga oshiradigan tadbirlari jihatidan ham yetakchi kuch sifatida sanalmoqda. Butun dunyo jamoatchiligi, 1979-yil dekabr oyidan buyon Sovet Ittifoqining Afg’onistonga qilgan urushining Turkistondagi harbiy okrug tomonidan planlashtirilganini yaxshi bilib oldi. Turkiston geopolitik va tabiiy jo’g’rofiyasi holatiga ko’ra (juda keng va rang-barang maydon ekanligi: sahrolar, vodiylar, jarlar, tog’lar) atom bombasi, raketalar, uchoqlarning ehtiyot qismlari kabi sovet urush vositalari va Sovet Armiyasining yedirib-ichirilishi uchun kerakli bo’lgan mahsulotlarni saqlay oluvchi asosiy ombor bo’lib diqqatni tortmoqdalar. Sovet Ittifoqi raketalarini o’t oldiruvchi va harakatga soluvchi maydon ham Turkistonning Boyqo’ng’ir shahrida joylashgandir.
Sovet Ittifoqi kerak hollarda ehtiyoji bo’lgan urush materiallarini Turkistonda sozlab (o’nglab) olish imkoniga ham egadir. Stalin 1943-yilda so’zlagan bir nutqida o’z fikrini izohlab: “O’rta Osiyo Sovet Jumhuriyatlari va Qozog’iston (ya’ni Turkiston) Qizil Armiyaning eng muhim qurol ombori bo’lganini” ma’lum qilgan edi. Biz, boshqa sovet nashridan ham 1942-yilda Sovet Ittifoqining butun tuproqlarida foydalanilgan harbiy material II jahon urushidan oldin Turkistonda tayyor qilib qo’yilganligini o’rgandik. Bundan ham, Sovet Ittifoqi kerakli hollarda Sovet Armiyasining ehtiyoji bo’lgan butun harbiy materilalini Turkistonda sozlab olish imkoniga ega, degan ma’no chiqmoqdadir. Turkistondagi sovet qurolli kuchlarining O’rta Sharqdagi butun o’lkalardan kuchli ekanligi ochiq-ravshandir.
Turkiston Sovet Ittifoqining xom-ashyo bazasidir
Afkor olamga ma’lumki, Turkiston sovetlarning eng qimmatli xom ashyo bazasidir, buni sovetlarning o’zi ham bir necha bora e’tirof etganlar. Sovet industriyasining xom moddaga bo’lgan ehtiyojini qoplashda bu o’lka hal qiluvchi rol o’ynamoqda. Bu haqda “Bu kungi Turkistonning siyosiy va sotsial manzaralari” nomli maqolamizning bir bobida bahs yuritgandik. Bu yerdagi gaplarga qo’shimcha qilib shuni aytish mumkinki, Turkistonda yana nihoyatda boy zapasga ega bo’lgan uran, oltin, kumush va platina konlari mavjuddir. Bir sovet gazetasida Turkistonning boy qazilma boyliklariga misol qilib shunday ma’lumot berilgan: “Qozog’iston Sovet Jumhuriyatida har yili 120-130 million tonnaga yaqin temir, 100 million tonna neft va 35 million tonna po’lat olinadi”.
Turkistonning yer osti manbalari normal bir shaklda Sovet Ittifoqining butun ehtiyojlarini qoplaydi.
Turkistonning ziroat boyliklari ham keng bir suratda ma’lum bo’lmoqda. Sovet Ittifoqidagi butun paxta hosilining 95 foizi, meva mahsulotlarining 60 foizi, kanop hosilining 100 foizi, pillaning 75 foizi, guruchning 65 foizi, kauchukning 100 foizi, qorako’lning 100 foizi Turkistonda tayyorlanmoqda. Turkiston ayni zamonda Sovet Ittifoqining uchinchi katta hububot yotog’idir. Turkistonning iqtisodiy boyliklari Sovet Ittifoqiga dunyoning iqtisodiy siyosatida bir super kuch bo’lib o’z so’ziga ega bo’lish imkonini beradi. Turkistonning iqtisodiy boyliklari bo’lmasaydi, Sovet Ittifoqining erishgan muvaffaqiyatlariga erishuvi to’grisida gap ham bo’lolmasdi.
Turkiston Sharqda kommunizmning ta’sir markazidir
Turkiston kommunizmning Sharqdagi eng ilg’or qurolli kuchi bo’lib maydonga chiqishi kerak, degan tushunchasi, sovet idorasining quyidagi g’oyalari kommunizmning Sharqda yoyilishi borasida Turkistonning o’ynagan rolini to’la-to’kis namoyon etmoqda.:
“Turkiston Sharqda g’oyalarimizning ta’sir markazidir”;
“Turkiston kommunistik inqilob mikrobini Sharqdagi yoyuvchisi bo’lishi kerak”;
“Turkiston tarixda Osiyoning Ovrupoga ochilgan eshigi rolini o’ynagan. Hozir esa Ovrupo uchun (Rusiya uchun deb tushunavering) Osiyoga ochilgan eshik rolini o’ynashi kerak”;
“Sharq xalqlari kelajakda sotsializm va kommunizmdan qochib qutulolmaydilar”.
Sovet Ittifoqining Sharq siyosatida Turkiston qanday masalalarda kerak bo’lishi va yanada aniqrog’i Sharqda kommunizmning yoyilishiga xizmat qilishi zarurligi mavzuida sovet idorasining bundan boshqa yana bir qancha ko’rsatmalari bordir.
Keng jamoatchilikka ma’lumki, sovetlar kommunizmni Sharqda (ayniqsa, O’rta Sharqda) tarqatish uchun olis masofalarga qo’l uzatganlar. Bu yerda misol tariqasida sovet iborasi bo’lgan “Toshkent ruhi”ning tug’ilishini ko’rsatib o’tish o’rinli bo’lar edi. Osiyo, Afrika va Janubiy Amerika o’lkalari uchun 50-yillari Turkistonda tashkil qilingan xalqaro konferensiya va simpoziumlarda Turkistonning oz rivojlangan mamlakatlar uchun “Sovet sistemasining mo’jiza modeli” sifatida taqdim etilganini va kam rivojlanayotgan mamlakatlarda ko’pgina tarafdor va simpatiya qozonilganini eslaylik. Aslida Sovet Rusiyasi hokimiyati ostida ezilib yotgan Turkiston go’yo rivojlangan mash’al jumhuriyat sifatida ko’rsatilib, u orqali sovetlar tarafidan Islom o’lkalarida qanchadan-qancha targ’ibot olib borilganini unutib bo’lmaydi.
Sovet Rusiyasi Afg’onistonni ishg’ol etgandan keyin, kommunizm avval Rusiyadan Turkistonga kiritilganligi va qurol kuchi bilan o’rnatilganligi oydinlashib qoldi. Kommunizm bu safar ayni o’sha metodlar bilan Afg’onistonda ish olib bormoqda. Bu orada 20000 dan ortiq turkistonlining O’rta Sharq o’lkalarida sovet mutaxassislari sifatida ish ko’rganligi va sovetlarning obro’sini orttirish maqsadi bilan qo’llanganligi ham qayd etishga arzigulik bir xususdir.
Sovet rus imperializmining milliy mustaqillik masalalaridagi afsonalari va bularning Sharqdagi ta’sirlari dunyo ahliga ma’lumdir.
Ruslar tomonidan ikki marta zabt etilgan Turkiston (birinchisi chorizm davrida, ikkinchisi Sovet Rusiyasi zamonida) mustamlaka sifatida milliy borlig’ini davom ettirishga, inson haq-huquqlari va hurriyatlaridan bahramand bo’lishga haqli emasdir. Turkiston Moskvaning juda keskin va qattiq kontroli ostida qolgan. Sovet Ittifoqi Turkistonni bosib ushlab turish uchun qo’lidan kelgan har narsani qilgan. Shunga qaramay, Turkiston haqli ravishda mustaqillik istagidan hech qachon voz kechmagan. Biz bu haqiqatni 1918–1934-yillar orasida (1923-yilgacha juda keng miqyosda) olib borilgan milliy-ozodik urushlaridan, sovet madaniyati ostida yashayotgan turkistonlilarning milliy madaniyatlari, urf va odatlarini saqlab qolish uchun olib borgan kurashlaridan, islom dinining kommunizmga qarshi olib borayotgan kurashi ta’sirlaridan va nihoyat, turkistonlilarning II jahon urushi paytidagi kurashlaridan tushunib olishimiz mumkin. Bu kun Afg’onistonda sig’indi bo’lib yashayotgan ming-minglagan turkistonlilarning (o’zbek, turkman va tojik) sovet yoyilmachiligiga (sovet askarlari va g’oyalarining Afg’onistonga zo’ravonlik bilan kiritilishi va u yerlarda o’rnashib qolib ketishga intilishi nazarda tutilmoqda) qarshi afg’on muhojirlari bilan birga eng oldingi saflarda urushganlari har bir kishi bilishi lozim bo’lgan haqiqatdir. Ayni choqda, Sovet Armiyasining Afg’onistonga kiritilishi asnosida sovet saflaridagi turkistonli askarlarning Afg’onistonga qarshi jang qilishga rozi bo’lmaganlari ham ayon bo’ldi. Sovetlar shu sababli musulmon va turk bo’lgan bu sovet vatandoshlarini jabhadan qaytarmoqqa majbur bo’lgandilar. Mana shularning hammasidan, kommunizm turkistonlilardan sodiq sovet vatandoshlarni bunyodga keltirish imkoniga ega bo’lolmagan, degan haqiqat kelib chiqadi.
Turkistonda mustaqillik kurashining boshlanishi dunyo siyosati va xususan, O’rta Sharq siyosatida g’arbli kuchlarga va sharqdagi musulmon o’lkalarga qimmatli bir strategik pozitsiya olib berdi. Turkistonning milliy mustaqillika qovushishini talab qiluvchi asosiy ish shundan iboratki, eng oldin Turkistonda milliy shuurning katta kuch kasb etishiga erishish kerak. Faqat shundan keyingina Turkiston muammolarini hal etish mavzui bilan shug’ullanish mumkin bo’ladi. G’arbli kuchlar va islom o’lkalari Turkiston milliy mustaqilligini ta’min etish yo’lida mushtarak do’stlar bo’lib birgalikda kurashmoqlari lozim. Mustaqil Turkiston davlatining qurilishi – Rusiya va Xitoyning bir-biridan ajralishini, O’rta Sharqda sovet ta’sirining tugatilishini, shundagina O’rta Sharq o’lkalarining bexavotir yashashlari mumkinligini anglab yetmoq kerak. Faqat shundagina Turkiston Sharqda, islom olamiga va hur dunyoga ochiladi va hur dunyo ham Turkiston ekonomikasiga bog’lana oladi. Faqat shundagina Turkistonning milliy borlig’i ta’min etiladi.
Turkiston mustaqilligini talab etish aslo Sovet Ittifoqining ichki ishlariga aralashish deb baholanmasligi kerak. Sovet Konstitutsiyasi shaklan bo’lsa-da, Sovet Jumhuriyatlariga xohlaganlari taqdirda SSSRdan chiqish huquqini bergan. Baynalmilal prinsiplar o’rin olgan deklaratsiyalarda, masalan, Birlashgan Millatlarning 14-dekabr 1960-yilda e’lon qilingan “Mustamlakachilik va millatlarning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqlari” nomli deklaratsiya va 19-dekabr, 1968-yili qabul etilgan “Millatlararo pakt”, “Madaniy huquqlar” bilan bog’liq deklaratsiyada “Turkistonning milliy borlig’ini himoya qilish huquqi va inson huquqlari” rad etilmagandir. Dunyo tarixida birinchi marta 1959-yilda AQSH Kongressi qabul qilgan “Asir Millatlar Haftasi” qonunida Turkiston ham asir millatlar orasida sanalgandir. Bu qonun mustaqillik talablarini o’rtaga qo’yish uchun bebaho bir ma’naviy manba bo’la oladi. 1965-yil may oyida Saudiya Arabistonining Makka shahrida o’tgan “Dunyo musulmonlari birligi” xalqaro yig’ilishida Turkiston bilan aloqador bo’lgan qarorlar qabul qilingan.
Birlashgan Millatlar Bosh Assambleyasi yig’ilishlarida “kolonializm”ga oid olib borilgan muhokamalarda Turkistonda rus kolonializmiga barham berish va bu o’lkaning milliy mustaqillikka qovushtirilishi mavzularida baynalmilal chiqish fursatlari bo’ldi. Yuksak taraqqiy etgan millatlardan ingliz tamsilchisi 26-noyabr 1962-yilda bo’lgan Bosh Assambleya yig’ilishida so’zga chiqib, jumladan quyidagi ochiq gaplarni o’rtaga qo’ydi:
“Ayni tarixlarda mustaqil Markaziy Osiyo davlatlarining o’z madaniyatlari bilan birga ruslar tomonidan mustamlaka qilinganligi hammaga ma’lum. So’ngra Qozoq davlati 1854-yilda rus bo’yinturug’iga kirdi. 1876-yilda Turkistondagi uch o’zbek davlatining ishg’oli tugallandi. 1880-yilda butun Turkmaniston Rusiya hokimiyati ostiga kirdi. O’rtacha hisob bilan aytganda bir asr keyin, 1957-yilda Gana, 1960-yilda Nigeriya mustaqillikka qovushdilar. O’rta Osiyo tuproqlari (Turkiston)ning mustaqillikka qovushadigan payti qachon bo’ladi?”
So’ralishi kerak bo’lgan asil so’roq shudir. Sovet hukumati bu savolga bu kungacha javob bermadi. Lekin Birlashgan Millatlarga a’zo hech bir o’lka Sovet Ittifoqidan, bu savolga qachon javob bo’ladi, deb so’ragani yo’q. Shu sababli savol hamon javobsizligicha turibdi. Dunyo afkori umumiyasi “Sovet o’rta Osiyosi” (“Turkiston”) qachon mustaqilligiga qovushadi, savolini berishga, Moskvadan bu borada bir javob olishga, berilajak javobni muhokama qilishga va bu yo’lda Turkistonning mustaqilligi uchun tayinli bir kunni belgilashga haqlidir.
Turkiya turkchasidan o’zbek turkchasiga Miraziz A’ZAM uyg’unlashtirib, nashrga tayyorladi.
“O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1992-yil, 8-may.
——————————————–
* Behzod: Maqolada muallif ilgari surgan ayrim fikrlar va voqelik tavsifi bugungi kun uchun eskirgan bo’lsa-da, ammo Turkistonning Sovet Ittifoqi tarkibida tutgan ahamiyati haqidagi mulohazalar tarixiy jihatdan qimmatlidir va ayni voqelik hanuz strategik ahamiyatga ega ekanini hududda Rossiya, AQSh, Xitoy kabi katta kuchlarning faol mavqega ega bo’lish uhcun hanuz urinayotganlaridan ma’lum.