
O’tgan yili shu kunlarda Janubiy Qirg’iziston qon va olov ichida yondi. Aniqrog’i, 2010-yilning 10–25-iyun kunlari qurollangan to’dalar Qirg’izistonning O’sh va Jalolobod viloyatlaridagi o’zbeklar yashovchi mahallalarga hujum qilib, yuzlab uy-joylarni vayron qilishdi. Turli manbalarga ko’ra, vahshiyona hujumda ikki mingdan ortiq inson o’ldirilgan. Ularning aksariyati o’zbeklardir. Qirg’iziston muvaqqat hukumati qatliomni to’xtatish uchun hech qanday chora ko’rmagani oqibatida ko’z ko’rib quloq eshitmagan xunrezliklar ro’y berdi: besh yashar qizlar zo’rlandi, erkaklar tiriklayin yoqildi, boshlar kesib to’pdek tepildi…
Bular hududda sodir bo’lgan vahshiyliklarning ayrimlari, xolos.
Bir yil burun sizni qon yig’latgan bu voqealar ehtimol bugun xotirangizdan butkul ko’tarilgandir?! Zotan, inson bolasi unutuvchandir. Qorni to’yganda och yurgan kunlarini esdan chiqaradi. Xudo mushkulini oson qilganda, shukr qilishni bilmaydi.
Biz bu dahshatli manzaralarni qayta ko’z oldingizga keltirib, yarangizni yangilamoqchi emasmiz. Mintaqadagi hali ham hovuri pasaymagan millatlararo adovatni yana kuchaytirish niyatimiz ham yo’q. Faqat o’sha mudhish voqealarda halok bo’lgan birodarlarimizni, millatdoshlarimizni yodingizga solib, ular haqqiga yana bir bor xayrli duo qilib qo’yishingizni istadik, xolos.
Shu maqsadda “Qurbon bo’lgan o’zbeklar xotirasi uchun” Facebook harakat oyligini tashkil etishga qaror qildik. Sizdan ushbu harakat oyligida ishtirok etishingizni va shu oylik doirasida bir-ikki vazifani amalga oshirishingizni istaymiz. Bular juda oson va bir necha soniya ichida bajarish mumkin bo’lgan vazifalardir.
Birinchidan, halok bo’lgan millatdoshlarimizga ta’ziya ramzi sifatida Facebookdagi profil suratingizni bir oy davomida halok bo’lgan o’zbeklar xotirasi uchun yasalgan maxsus xotira surati bilan almashtirishingizni istaymiz. Surat yuqorida keltirilgan.
Ushbu suratni “Vatandosh gazetasi” Facebook sahifasininig profil suratlari joylashgan albomidan topishingiz mumkin. Uni pastda, chap tomonda “Make your profile picture” yoki “Создать фотографию профиля” tugmachalarini bosish orqali o’z profil suratingizga aylantirishingiz mumkin. Download (ingliz tilida) yoki Скачать (rus tilida) tugmachalari orqali suratni saqlab olishingiz ham mumkin. Saqlab olingan suratni profil suratiga qo’yish uchun uni Facebookka qayta yuklash kerak.
Ikkinchidan, ushbu harakat oyligi haqidagi xabarni turli vositalar orqali Facebookdagi do’stlaringizga yetkazishingizni so’raymiz.
Buni o’z Facebook sahifangizda (Wall, Стена) yoki do’stlaringiz sahifasida baham ko’rish orqali yoki Facebookdagi turli sahifalar va guruhlarga yozib qoldirish orqali targ’ib qilishingiz mumkin.
Shuningdek, “Vatandosh gazetasi” qaydlari (Notes, Заметки) orasiga qo’yilgan “Qirg’iziston janubidagi qonli voqealar tahlili: 1990 va 2010-yillar” nomli maqolani o’qishingizni va uni ham do’stlaringiz orasida tarqatishingizni qattiq tavsiya qilamiz.
Ushbu maqolada Janubiy Qirg’izistonda sodir bo’lgan bir oylik qirg’in tafsilotlari va sabablari tahlil etilgan. Ushbu ma’lumotlar qalblarimizni yumshatib, o’tgan millatdoshlarimiz haqqiga Allohdan xayrli oqibat talab qilishimizga turtki bo’lsa ajab emas. Alloh Janubiy Qirg’izistonda begunoh o’lim topgan, aziyat chekkan insonlarni o’z rahmatiga olgan bo’lsin!
Hurmatli vatandoshlar va do’stlar! Barchangizni “Qurbon bo’lgan o’zbeklar xotirasi uchun” Facebook harakat oyligida faol ishtirok etishga chaqiramiz. Shu bilan millatdoshlarimiz taqdiriga befarq emasligimizni, ular boshida kulfat tushganda bir tanu bir jon bo’lib birlasha oladigan xalq ekanimizni ko’rsatgan bo’lamiz.
Hurmat bilan,
“Vatandosh” gazetasi jamoasi