Axborot xuruji: Isroilning ko’rinmas urushi (Birinchi maqola)
Isroil va Falastin mojarosiga oid mavzuni tahlil qilishda davom etamiz. Birinchi maqolada AQSh ommaviy axborot vositalari Falastin mojarosini qanday yoritishi va bu jarayondagi Isroil hukumatining o’rni haqida umumiy ma’lumot bergan edik. Navbatdagi maqolada ham shu mavzuni davom ettirib, Isroil olib borayotgan axborot urushidagi muhim nuqtalarga diqqat qaratamiz. AQSh ommaviy axborot vositalarida bu nuqtalar qanday ifoda topayotganiga misollar keltiramiz. Bu borada Isroil muvaffaqiyatini ta’minlayotgan strategiyalar nimalardan iborat ekanini birma-bir tahlil qilamiz.
Birinchi strategiya: Yashirin bosqin
Isroil-Falastin mojarosini matbuot qanday yoritayotganini tushunish uchun yangiliklarda nima yozilganiga emas, balki nima yozilmaganiga ham diqqat qaratish lozim. Chunki odamlar ongiga nafaqat yangilikda yozilgan narsalar, balki unda berilmagan ma’lumotlar ham ta’sir ko’rsatadi.
Yangiliklarda, odatda, falastinliklar 34 yillik bosqinga qarshi kurashayotgani tilga olinmaydi. Jurnalistlar Isroil askarlari va falastinliklar yana to’qnashgani haqida xabar beradi, ammo bu to’qnashuvning asl sababiga, ixtilofning tarixiga to’xtalmaydi.
Jurnalistika sohasi tadqiqotchisi amerikalik Set Akermenning aytishicha, bunday yondashuv mojaro tarixini bilmaydigan amerikaliklarga qonli zo’ravonliklarga qarshi Isroil hukumati haqli kurash olib boryapti degan tasavvur beradi.
“Mojaro tarixini bilmaydigan aksariyat amerikaliklar bunday xabarni ko’rsa, mahalliy aholi g’alayoniga qarshi hukumat chora ko’rmoqda, deb tushunadi, — deydi tadqiqotchi. — Bu yerda tilga olinmagan fakt shuki, bu aholi o’z vatanida bosqinchilarga qarshi bosh ko’tarmoqda. Isroil esa begona yurt tuprog’ida xalqaro qonunlarga zid ravishda bu noqonuniy bosqinni himoya qilmoqda”.
Xabarlarda bosqinga qarshi, butun bir xalq ustidan o’rnatilgan zulmga qarshi bosh ko’targan, deyarli qurolsiz bo’lgan yoshlarning armiya o’qlariga uchayotgani tilga olinmaydi.
ABC News (Inglizchasi): “Israel was responding to an attack today”.
ABC News (Tarjimasi): “Isroil bugungi hujumga javob qaytarayotgan edi”.
CNN News (Inglizchasi): “Israel has beefed up forces following a Palestinian mortar attack”.
CNN News (Tarjimasi): “Falastinliklar o’t ochishi ortidan Isroil o’z kuchlari sonini oshirdi”.