Karim BAHRIYEV*
Rivoyat: Uzun kechalarda ayvonga chiqib olis yulduzlarga termulganimda: “Shu miltir yulduzlardan narida nima bor ekan?” – deb o’ylardim. Balkim yana yulduzlar bordir. U yulduzlarning ortida-chi? Nima bor ekan? Endi bilaman – qorong’ulik bor, cheksiz-tubsiz zulmat bor… Qorong’ulik izlab, yulduzlardan nariga borish shart emas – uyingizdagi chiroqni o’chirsangiz bas, hammayoq zim-ziyo bo’ladi, darhol zulmat yetib keladi, chiroqlari o’chgan yurtlarga.
Ulug’ faylasuf Umar Hayyom bizdan ham oldin yer bor edi, bizdan keyin ham qoladi, degan ekan. Menga tuyuladiki, dunyo ulkan bir qabristondir, axir ming yillar bo’yi odamlarni yerga ko’mganlar, bugun ham ko’mmoqdalar, ertaga yana ko’plab ko’madilar… Zaminda odamzod suyaklari bir necha qatlam bo’lsa kerak.
Ana shu qorong’u qabriston-dunyo kengliklarida imonli, tirik odamlar shamlarday unda-bunda kuyib yotadilar. Shuning uchun inson o’lganda dunyo nogoh qorong’ulashadi.
Cho’lpon halok bo’lgan kuni Turkiston uzra og’ir zulmat cho’kdi. Bugungacha yurtning o’sha chekini qorong’u bosib yotibdi. Cho’lpon kabi yona oladigan farzandlar tug’ilsa, yurt yorishadi… Ko’ngillar yorishsagina yurt yorishadi, ko’ngilni yoritadigan nur esa tafakkur yog’dusi, madaniyat sha’midir. Buyuk asarlar kolxoz, sovxoz bo’lib yozilmaydi, ularni daholar yozadilar…